Davlatimiz rahbari Turkiya yetakchisiga ushbu mamlakatning janubi-sharqiy muzofotlarida o‘tgan oyda ro‘y bergan vayronkor zilzilalar munosabati bilan shaxsan chuqur hamdardlik bildirdi. Jabr ko‘rgan muzofotlarni qayta tiklash va yangi infratuzilmani barpo etish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni to‘liq qo‘llab-quvvatladi.
Turkiya Prezidenti, o‘z navbatida, O‘zbekiston Prezidenti va xalqiga tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda ko‘rsatgan birodarlik yordami, qutqaruv ishlaridagi faol ishtiroki va jabrlanganlarga insonparvarlik ko‘magi uchun yana bir bor samimiy minnatdorlik bildirdi.
Turkiy davlatlar tashkilotining 16-mart kuni o‘tadigan favqulodda sammiti tashkilotdagi mamlakatlar o‘rtasidagi hamjihatlik va birodarlik rishtalarining yorqin ifodasi bo‘lishiga ishonch bildirildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston-Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarining rivojlanish sur’ati mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘zaro savdo hajmi ortmoqda, o‘tgan yili 370 ta yangi korxona tashkil etildi. Keyingi olti yilda Turkiyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga investitsiyalari hajmi 3,5 milliard dollarni tashkil etdi.
Energetika, sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallarini ishlab chiqarish, yengil sanoat va boshqa sohalarda yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi, shu jumladan Strategik sheriklik kengashining navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Davlat rahbarlarining uchrashuvi har doimgidek ochiq, ishonchli va do‘stona muhitda o‘tdi.
Yakunda Turkiya Respublikasi Vitse-prezidenti Fuat Oktay O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli munosabatlarni har tomonlama rivojlantirishga qo‘shgan katta hissasi uchun “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.