Oʻzbekiston va Turkiya Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar

    Hukumat 26 Fevral 2021 5185

    Bugun, 26-fevral kuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanning telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.

    Davlatimiz rahbari suhbat avvalida Turkiya Prezidentini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sogʻlik va katta muvaffaqiyatlar hamda birodar turk xalqiga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladi. Prezident Erdogʻanning zamonaviy Turkiyaning barqaror taraqqiyotini taʼminlash, xalqaro maydonda mamlakat nufuzini oshirishdagi roli alohida qayd etildi.

    Suhbatda ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

    Ikki mamlakat yetakchilari oliy darajadagi muntazam muloqotlar pandemiyaning murakkab sharoitlarida koʻp qirrali Oʻzbekiston-Turkiya hamkorligining yuqori surʼatini saqlab qolishga xizmat qilayotganini taʼkidladilar.

    Oʻzbekiston Prezidenti Turkiya hukumati tomonidan mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi taraqalishiga qarshi kurashishda koʻrsatilayotgan yordam va amaliy koʻmak uchun oʻz hamkasbiga yana bir bor minnatdorlik bildirdi.

    Savdo, sanoat, energetika, infratuzilma, transport, qishloq xoʻjaligi sohalaridagi qoʻshma loyihalar, taʼlim va madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarining amalga oshirilishi ham koʻrib chiqildi.

    Oʻzaro tovar ayirboshlash va investitsiyalarni koʻpaytirish uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish, shu jumladan Preferensial savdo toʻgʻrisidagi bitimni tez fursatda tayyorlash va qabul qilish muhimligi qayd etildi. Investitsiya muhitini takomillashtirish, hududlarni jadal industrial rivojlantirish, maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini samarali tashkil etish masalalarida Turkiyaning ilgʻor tajribasini oʻrganish va joriy etishdagi hamkorlik faollashmoqda.

    Davlat rahbarlari taʼlim, kinematografiya, madaniyat va turizm sohalarida qator ahamiyatli loyihalarni amalga oshirish muhim ekanini taʼkidladilar.

    Shuningdek, boʻlajak oliy va yuqori darajadagi ikki va koʻp tomonlama tadbir va muloqotlar rejasi muhokama qilindi, jumladan, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining boʻlajak sammitiga tayyorgarlikning borishi koʻrib chiqildi.

    Oʻzbekiston va Turkiya Prezidentlarining suhbati har doimgidek ochiq, doʻstona va oʻzaro ishonch ruhida oʻtdi.