Uchrashuv chogʻida qoʻshma loyiha va dasturlarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda qishloq va oʻrmon xoʻjaligi sohasida ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirish istiqbollari muhokama qilindi. Turkiya tomoni ushbu yoʻnalishdagi hamkorlikni rivojlantirish uchun foydalanilmayotgan imkoniyatlarni, shuningdek, Turkiya delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida tegishli vazirlik va idoralar bilan oʻtkazilgan uchrashuv va muzokaralarning konstruktiv xarakterini taʼkidladi.
Shuni taʼkidlash kerakki, joriy yil 7-fevralda Toshkent shahrida qishloq xoʻjaligi sohasida Qoʻshma ishchi guruhning 3-yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda tomonlar 14 ta ustuvor yoʻnalish boʻyicha amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha takliflar toʻgʻrisida fikr almashdilar, 9-fevralda esa aniq qoʻshma tashabbus va tadbirlarni oʻz ichiga olgan tegishli “Yoʻl xaritasi” imzolandi.
Tomonlar Turkiyaning qishloq xoʻjaligi sohasidagi muvaffaqiyatli tajribasini Oʻzbekistonda joriy qilish istiqbollarini qayd etib, mamlakat qishloq xoʻjaligi sohasida ilgʻor turk ishlanmalarini joriy etish, mahalliy mutaxassislarni tayyorlash va fermerlarning malakasini oshirish choralarini oʻz ichiga oladigan texnologiyalar transferi va ushbu sohada tajriba almashish toʻgʻrisidagi qoʻshma deklaratsiyani ishlab chiqish va tasdiqlash imkoniyatlarini koʻrib chiqdi.
Shuningdek, tomonlar ikki mamlakat tadbirkorlari oʻrtasida qishloq xoʻjaligi sohasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyishda amaliy yordam koʻrsatishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Shu oʻrinda ikki mamlakatning yirik kompaniya va korxonalari vakillari ishtirokida hozirgi kunda Oʻzbekistonda boʻlib oʻtayotgan qishloq xoʻjaligi tadbirkorlarining Oʻzbekiston-Turkiya biznes-forumining dolzarbligi alohida taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida muhokama qilingan hamkorlik yoʻnalishlarini ilgari surish va amalga oshirish boʻyicha keyingi tadbirlar kelishib olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.