Oʻzbekiston va Turkiya yangi oʻzaro manfaatli loyihalarni tayyorlayapti

    Joriy yil 11-14-dekabr kunlari vazir oʻrinbosari Akram Aliyev boshchiligidagi Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi delegatsiyasi Anqara va Istanbul shaharlariga tashrif buyurib, Turkiya tegishli vazirlik va idoralari rahbarlari hamda ishbilarmon doiralar vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.

    Xususan, Turkiya savdo vaziri oʻrinbosari Mustafa Tuzju, qishloq va oʻrmon xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari Ahmed Bagchi, Eksimbank direktori Ali Gyuney hamda Kontrolmatik, Anadolu Group, Akgün Grup, Sam Yapi, Fernas Group, Koç, Metallurgy, Asya Modern Serachilik, Sarıkoç Holding, Baktat Gida kabi kompaniyalar rahbarlari bilan muzokaralar boʻlib oʻtdi.

    Soʻnggi besh yil ichida Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi oʻzaro savdo hajmi 1,3 barobarga oʻsib, 3 milliard dollardan oshdi. Ikki davlat iqtisodiyotlarining mahsulotlarni oʻzaro yetkazib berish hajmini sezilarli darajada oshirish imkoniyatlariga ega ekanligiga toʻliq ishonch hosil qilgan holda tomonlar tovar nomenklaturasini kengaytirish, elektron tijoratni keng qoʻllash, tovarlarga erkin kirish imkoniyatlarini oshirish va boshqa koʻplab chora-tadbirlarni muhokama qildilar.

    Shu bilan birga, Oʻzbekiston Turkiyaning qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va sugʻurta tizimini joriy etish boʻyicha ilgʻor tajribasini oʻrganib, amaliyotga joriy etadi. Shuningdek, xalqaro standartlarga muvofiq oʻzbek-turk seleksiya va sinov markazini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Korxonalar rahbarlari bilan oʻtkazilgan muzokaralarda sogʻliqni saqlash, elektr energetikasi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash va oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari, kimyo mahsulotlari va mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish va boshqa sohalarda yirik loyihalarni amalga oshirishga kelishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.