баннер
Sayt test rejimida ishlamoqda
Лого Лого-пв-уз

    O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligini ta’kidladilar

    Hukumat 20 Yanvar 2022 1746

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-yanvar kuni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.

    O‘zbekiston-Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida mustahkamlashning dolzarb masalalari batafsil ko‘rib chiqildi.

    O‘zaro savdo ko‘rsatkichlarining barqaror o‘sishi, sanoat, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi, transport sohalarida amaliy hamkorlik ko‘lamining kengayishiga xizmat qilayotgan kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi. Hududlararo almashinuvlar faollashib, birgalikda muhim gumanitar dasturlar amalga oshirilmoqda.

    Yetakchilar yaqinda o‘tgan hukumatlararo muzokaralarning natijalarini yuksak baholab, ikki birodar mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni tubdan kengaytirish muhim ekanini qayd etdilar.

    O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari mintaqa kun tartibi va ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi hamkorlik jihatlari yuzasidan fikr almashdilar. Bo‘lajak uchrashuv va tadbirlar rejasi muhokama qilindi.

    Telefon orqali muloqot har doimgidek iliq, do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tdi.