Muzokaralar chogʻida ikki davlat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirishning ulkan salohiyati alohida taʼkidlandi, ustuvor yoʻnalishlarda munosabatlarni chuqurlashtirish uchun mavjud resurs va imkoniyatlarni safarbar qilish dolzarbligi qayd etildi.
Yaqin vaqt ichida HK Oʻzbekistondagi navbatdagi yigʻilishini oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, HK doirasida Oʻzbekiston — Turkmaniston Ishbilarmonlar Kengashining ikkinchi yigʻilishi ham tashkil etiladi. Boʻlajak tadbirlar kun tartibini shakllantirish va yangi investitsiyaviy loyihalar hamda savdo bitimlarini ishlab chiqishga qaratilgan ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralarining hamkorlikdagi saʼy-harakatlari faollashtiriladi.
Tomonlar transport va logistika sohalarida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratdilar. Ikki mamlakat Transport vazirliklari tomonidan sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya etgan holda toʻgʻridan-toʻgʻri havo transporti hamda xalqaro avtomobil qatnovlarini qayta tiklash masalalari ustida ish borilishiga kelishib olindi. Shuningdek, chegara oʻtish nuqtalarining oʻtkazuvchanlik qobiliyatini oshirish, oʻzaro savdoning oʻsishi uchun tarif va notarif toʻsiqlarni bartaraf etish hamda ikki mamlakatning transport quvvatlari va tranzit salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlarni ishlab chiqish ishlari amalga oshiriladi. Ishlab chiqilgan chora-tadbirlar va takliflar Oʻzbekiston Respublikasi va Turkmanistonni bogʻlovchi transport yoʻlaklarini yana-da rivojlantirish uchun tegishli “Yoʻl xaritasi”da birlashtiriladi.
Muzokaralar yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlarni roʻyobga chiqarish boʻyicha birinchi darajali saʼy-harakatlarni belgilab oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va savdo vazirligi matbuot xizmati.