Kun tartibi doirasida ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarning bugungi holati tahlil etildi, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikning yangi istiqbolli yoʻnalishlari koʻrib chiqildi.

Tomonlar qoʻyilgan vazifalarni tezkorlik bilan hal etish hamda ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni izchil kengaytirish uchun konstruktiv muloqotni rivojlantirish maqsadga muvofiqligini taʼkidladilar.

Turkmanistonda boʻlib oʻtadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 3-Maslahat uchrashuviga tayyorgarlikning borishi koʻrib chiqildi. Ushbu tadbir mintaqaning barqaror rivojlanishiga qaratilgan muhim va keskin rivojlanishga qaratilgan kelishuvlarga erishish uchun platforma boʻlishga moʻljallangani alohida taʼkidlandi.

Ikki mamlakat oʻzaro hamkorlik qilishining yuksak salohiyatini hisobga olgan holda, tomonlar savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston va Turkmaniston Hukumatlararo komissiyasining yaqin kelajakda oʻtkazilishi rejalashtirilgan yigʻilishining dolzarbligini qayd etdilar.

Shu nuqtayi nazardan, mavjud masalalar ustida ishlash hamda investitsiyalar, sanoat, qishloq xoʻjaligi, savdo, transport, moliyaviy va mintaqalararo hamkorlik, ilm-fan, taʼlim va madaniyat sohalarida tegishli kelishuvlar tayyorlanishini maromiga yetkazish maqsadida ayrim yoʻnalishlar boʻyicha ikki mamlakat vazirlik va idoralari rahbarlari darajasida videokonferensiya orqali ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar tashkil etishga kelishib olindi.

Uchrashuv yakunida ikki tomonlama munosabatlarning boshqa masalalari boʻyicha muhim kelishuvlarga erishildi va ularni amalga oshirishga doir oʻzaro hamkorlikni yana-da kuchaytirish yoʻllari belgilab olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.