Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi axborot xizmati maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, 2024-yil 16-iyul kuni imzolangan “Oʻzbekiston va Turkmaniston Hukumatlari oʻrtasida uzoq muddatli savdo-iqtisodiy hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisida Bitimga erkin savdo rejimidan istisnolar toʻgʻrisida”gi bayonnoma kuchga kirishi uchun zarur tartibotlarning ikki taraflama bajarilishi yakunlandi.
Shu munosabat bilan, Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasida 2025-yil 25-fevraldan erkin savdo rejimi joriy etildi.
Maʼlumot uchun: ushbu Bayonnoma Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-yanvardagi PQ-29-son qarori bilan tasdiqlangan. 2024-yilda ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo aylanmasi 1,14 mlrd dollarni tashkil etib, avvalgi yilga nisbatan 5,5 foizga oshgan.
Rejimning joriy etilishi natijasida, ayrim turdagi mahsulotlardan tashqari ikki mamlakatda ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan bojxona bojlari bekor qilinib, oʻzaro tovarlar savdosidagi mavjud cheklovlar bartaraf etildi va savdo tartibotlari soddalashtirildi.
Masalan, Turkmanistonga olib kirilayotgan mahalliy sement mahsulotlari (bojxona toʻlovi 100%), toʻqimachilik matolari (50%), mebel (50%), shisha idishlar (50%), suv isitish qozonlari (15%), plastik va polipropilen mahsulotlar (10%), kolbasa va goʻsht mahsulotlari (1 kg uchun 2 dollar), paxta yogʻi (1 kg uchun 1 dollar) bojxona toʻlovlari bekor qilindi.
Bojsiz savdo rejimining qoʻllanishi kelgusida ikki mamlakat oʻrtasida investitsiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va sanoat kooperatsiyalarini rivojlantirish orqali oʻzaro savdo aylanmasi hajmini oshirishga zamin yaratadi.