Suhbat avvalida yetakchilar bir-birlarini muborak Ramazon hayiti va bahoriy Navro‘z ayyomi munosabati bilan dildan qutlab, ikki mamlakatning qardosh xalqlariga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va bardavom ravnaq tiladilar.

Davlatimiz rahbari Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovga ham samimiy tabriklarini yo‘lladi.

O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Barcha darajalarda samarali muloqotlar davom etmoqda. Tovar ayirboshlash hajmining barqaror o‘sishi, shu jumladan tayyor mahsulotlarni yetkazib berish orqali ta’minlanmoqda. Yaqinda ishga tushirilgan “Shovot-Toshhovuz” savdo zonasining samarali faoliyati ham o‘zaro savdoning oshishiga xizmat qilmoqda.

Yuk tashishlar hajmi, shu jumladan Turkmanboshi orqali izchil ortib bormoqda. Energetika, sanoat, suv xo‘jaligi va transportda kooperatsiya kengayib bormoqda, Parlamentlararo, hududlararo, ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar Yaqin Sharq va Janubiy Osiyoda yuzaga kelayotgan vaziyat yuzasidan ham fikr almashdilar. Barqaror tinchlikka erishishning yagona yo‘li vaziyatni siyosiy-diplomatik choralar bilan hal etish ekani ta’kidlandi.

Joriy yilda ko‘zda tutilgan ko‘p va ikki tomonlama tadbirlar rejasi ham muhokama qilindi.