Ўзбекистон ва Васт компанияси космик технологиялар соҳасида ҳамкорликни йўлга қўйди

    AQSHga tashrifi doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Amerika xususiy aerokosmik kompaniyasi Vast vitse-prezidenti Rich Leshner bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekistonda kosmik texnologiyalarni rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va mamlakat mutaxassislarining kosmik sohadagi salohiyatini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

    Tomonlar uzoq muddatli hamkorlik istiqbollarini koʻrib chiqdilar:

    • qoʻshma ilmiy tadqiqotlar,
    • kadrlar almashinuvi dasturlari,
    • oʻzbekistonlik mutaxassislarni Haven-1 orbital stansiyasi missiyalarida ishtirok etish.

    Shuningdek, Haven-2 loyihasi doirasida sunʼiy gravitatsiya, hayotni qoʻllab-quvvatlash tizimlari va orbital arxitektura boʻyicha tadqiqotlarda oʻzbekistonlik olim va muhandislarning ishtiroki muhokama qilindi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash va oʻzbekistonlik mutaxassislarning xalqaro kosmik dasturlarda ishtirokini oshirish boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumini imzoladilar.

    Maʼlumot uchun: Vast — AQSHda joylashgan xususiy aerokosmik kompaniya boʻlib, yangi avlod kosmik stansiyalarini ishlab chiqish bilan shugʻullanadi. Kompaniyaning ilk loyihasi — Haven-1, dunyodagi ilk tijoriy kosmik stansiya boʻlib, kelgusida koʻp modulli stansiyalar, jumladan, Haven-2 uchun asos boʻlib xizmat qiladi.