Tashrifning asosiy maqsadi ikki davlatning huquqni muhofaza qilish sohasidagi hamkorligini rivojlantirish, mamlakatlar ichki ishlar vazirliklarining sohaviy xizmatlari o‘rtasida axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda Vengriya politsiyasining ilg‘or tajribasi bilan tanishishga qaratildi.
Tashrif jarayonida O‘zbekiston Respublikasining Ichki ishlar vaziri Aziz Tashpulatovning Vengriya Ichki ishlar vaziri doktor Shandor Pinter bilan ikki tomonlama rasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi shartnomaviy-huquqiy bazani takomillashtirish, xalqaro terrorizm, uyushgan jinoyatchilik, kiberjinoyatchilik va giyohvand moddalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish bo‘yicha idoralararo ishchi uchrashuvlarini tashkil etish, Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Budapesht shahri Politsiya boshqarmasi o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, jamoat tadbirlari va turistik ob’ektlarda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha tajriba almashish hamda kiberxavfsizlik va raqamli kriminalistika sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha masalalarni muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Vengriya Ichki ishlar vazirligi o‘rtasida 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» imzolandi.
Vengriyaga tashrif jarayonida Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi mamlakatning huquqni muhofaza qilish yo‘nalishidagi ilg‘or tajriba va ta’lim sohasi bilan yaqindan tanishdilar.
Jumladan, tadbir davomida mamlakatimiz delegatsiyasining Vengriya Milliy kiber xavfsizlik instituti boshlig‘i doktor Layosh Sabo bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda tomonlar hozirgi zamon kiber tahdidlariga munosib qarshi turish tizimi, internetdagi xurujlar va hodisalarning oldini olishga qaratilgan idoralararo hamkorlik, kiber jinoyatlarni tahlil qilish usullarini hamda hamkorlikda o‘quv kurslarini tashkil etish masalalarini muhokama qildilar.
Shuningdek, mamlakatimiz delegatsiyasi Budapeshtdagi Xalqaro huquqni muhofaza qiluvchi organlar akademiyasi faoliyati bilan ham tanishib, O‘zbekistonlik mutaxassislar uchun xalqaro va malakaviy kurslarda tashkil etish masalalariga e’tibor qaratdilar.
Budapesht politsiya boshqarmasining xizmat jarayonini o‘rganish davomida, Vengriya poytaxtining Smart ity (Aqlli shahar) videonazorat tizimi, jamoat xavfsizligi bilan bog‘liq tahdidlarni prognozlashtirish va tahlili qilish, tezkor vaziyatdan kelib chiqqan holda politsiyaning kuch va vositalarini to‘g‘ri taqsimlash kabi tizim bilan tanishib, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Budapesht shahri Politsiya boshqarmasining amaliy hamkorligini mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Vengriyaning Terrorizmga qarshi kurashish markazining faoliyatini o‘rgandilar. Jarayonda O‘zbekistonlik mutaxassislar Vengriya amaliyotida radikallashgan shaxslarni aniqlash, xalqaro terrorchilik guruhlarini fosh etish, ularning faoliyatini o‘rganish hamda on-layn muhitda tahdidlarni monitoring qilish mexanizmlari bilan tanishdilar.
Tashrif jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi Vengriya Politsiya akademiyasining faoliyati bilan tanishdi.
Akademiya rahbari doktor Ernyo Krauzer bilan olib borilgan muzokaralarda, politsiya xodimlarini tayyorlash va malakasini oshirish, Vengriya politsiyasi tomonidan olib borilayotgan innovatsiyalar va tajribalarni O‘zbekiston sharoitida joriy etish, shuningdek, kursantlar va professor-o‘qituvchilar uchun stajirovka tashkil etish masalalari muhokama etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Vengriyaga rasmiy tashrifi ikki mamlakat o‘rtasida huquqni muhofaza qilish yo‘nalishida hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda o‘zaro ishonchli munosabatlarni yuqori darajaga ko‘tarishga xizmat qiladi, deb xabar beradi Ichki ishlar vazirligi matburot xizmati.








