Oʻzbekiston va Vengriya koʻp qirrali hamkorligining yangi istiqbollari belgilandi

    Xalqaro hamkorlik 9 Fevral 2023 1108

    Joriy yil 9-fevralda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Oʻzbekistonda amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Vengriya Tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyarto bilan uchrashdi.

    Suhbat chogʻida soʻnggi yillarda koʻp qirrali Oʻzbekiston-Vengriya munosabatlari rivojlanishining ijobiy dinamikasi qayd etildi. Shu bilan birga, tomonlar hamkorlikni kengaytirish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligini qayd etib, ikki davlat oʻrtasidagi strategik sheriklik koʻlamini yanada oshirish maqsadida barcha darajalarda faol aloqalarni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

    Investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligi taʼkidlandi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda Vengriya kapitali ishtirokida 16 ta qoʻshma korxona tashkil etilgan. Vengriyaning “Bonafarm”, “KITE”, “Meditop”, “Gedeon Richter”, “MOL Group” kabi yetakchi kompaniyalari bilan energetika, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika, tibbiy asbob-uskunalar va plastmassa mahsulotlarini ishlab chiqarish sanoatida investitsiya loyihalari shakllantirilyapti. Tomonlar Vengriya TIV huzuridagi Sanoat parklarini rivojlantirish Milliy agentligi bilan birgalikda Oʻzbekistonda Vengriya kompaniyalari uchun alohida sanoat zonasini tashkil etish choralarini koʻrishga kelishib oldilar.

    Muloqot chogʻida ikki mamlakat poytaxtlari oʻrtasida haftasiga toʻrttagacha reys tashkil etish imkoniyatlari ham koʻrib chiqildi.

    Vengriya OTP bankining Oʻzbekiston bozoriga muvaffaqiyatli kirib kelgani yuqori baholandi. Shuningdek, Bank Oʻzbekistonda yangi kompaniyalarni jalb etish va qoʻshma loyihalarni moliyalashtirish orqali faoliyatini kengaytirishga qiziqayotganligi taʼkidlandi.

    Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishga oʻzaro sodiqligini bildirdilar va joriy yilning birinchi yarmida Budapesht shahrida Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Vengriya Hukumatlararo komissiyasining 8-yigʻilishini va biznes-forumni oʻtkazishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.