Tomonlar tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun Oʻzbekiston va Vengriya oʻrtasidagi strategik sheriklikni muhokama qildilar.
Muloqot davomida, ikki mamlakat oʻrtasidagi migratsiya sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega boʻlgan readmissiya va iqtisodiy mobillik toʻgʻrisidagi bitimni imzolash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shandor Gombios 2025-yil 1-yanvardan boshlab Vengriyada ishlash huquqi faqat shunday shartnomani imzolagan mamlakatlar fuqarolariga berilishi, va mazkur bitimni imzolash muhimligini eʼtirof etdi. Kelishuv mehnat muhojirlari oqimini koʻpaytirish uchun huquqiy va tashkiliy shart-sharoitlar yaratishi va ularning Vengriyadagi qonuniy maqomini taʼminlashi taʼkidlandi.
Vengriya tomoni migratsiya sohasidagi hamkorlik masalalarini batafsil muhokama qilish uchun Oʻzbekistonning tegishli vazirlik va idoralari delegatsiyasining 2025-yil boshida Vengriyaga tashrifini tashkil etishga tayyorligini tasdiqladi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.
Uchrashuv Oʻzbekiston va Vengriya oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, migratsiya va iqtisodiy mobillik sohasida tizimli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishda muhim qadam boʻldi. Bu esa, oʻz navbatida, oʻzaro manfaatli hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.