Muzokara davomida Oʻzbekiston va Vengriya hamkorligining muhim yoʻnalishlari koʻrib chiqildi. Siyosiy muloqotni faollashtirish, parlamentlararo munosabatlarni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni, ijtimoiy sohadagi almashinuvni yanada kengaytirish imkoniyatlari muhokama etildi.
Tomonlar iqtisodiyotning turli yoʻnalishlari, jumladan avtomobilsozlik, farmatsevtika, qurilish, qishloq xoʻjaligi va turizm sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish orqali iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish muhimligini qayd etdilar.
Shuningdek, taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, ikki mamlakat yetakchi oliy oʻquv yurtlari ishtirokida qoʻshma taʼlim dasturlarini joriy etish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Suhbat chogʻida parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, ularni yangi mazmun bilan boyitish, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish masalalari tomonlarning diqqat markazida boʻldi.
Munosabatlarni mustahkamlashning amaliy mexanizmi sifatida parlamentlararo doʻstlik guruhlari ishini faollashtirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.