O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bugun Vetnam tashqi ishlar vaziri Buy Txan Shon bilan telefon orqali muloqot qildi.
«Vetnam tashqi ishlar vaziri Buy Txan Shon janoblari bilan telefon orqali muloqot qilganimizdan mamnunmiz, — deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining telegram-kanalida. — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Janobi Oliylari nomidan Vetnam Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Bosh kotibi Nguen Fu Chong Janobi Oliylarining vafoti munosabati bilan yana bir bor chuqur hamdardligimizni izhor qildik.
Ikki tomonlama aloqalarni boyitish, jadal hamkorlikni rivojlantirish, barcha sohalarda yangi bog‘lovchi ko‘priklarni barpo etish uchun mamlakatlarimiz foydalanishi mumkin bo‘lgan ko‘plab imkoniyatlar mavjud.
Bo‘lajak yuqori darajadagi almashinuvlar, iqtisodiy va investitsion aloqalarni faollashtirish masalalarini muhokama qildik. Biz O‘zbekiston va Vetnam tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida o‘rnatilgan yaqin hamkorlikni yuksak qadrlaymiz».
Eslatib o‘tamiz, shu yil 18-19-mart kunlari O‘zbekiston TIV rahbari Baxtiyor Saidov Xanoyga tashrif buyurib, Vetnam yetakchilari, jumladan, tashqi ishlar vaziri Buy Txan Shon bilan ikki tomonlama muzokaralar olib borgan edi, deb xabar beradi «Dunyo» AA.