Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan kasbiy taʼlim tizimida islohotlarni chuqurlashtirishga qaratilgan muhim Farmon va Qarorlar imzolangan edi. Davlat rahbari mazkur hujjatlarda zamonaviy texnologiyalar va xalqaro ilgʻor tajribalarni milliy taʼlim tizimiga joriy etish, xalqaro standartlar asosida kasbiy taʼlim dasturlarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish vazifalarini belgilab berdi.
Shu maqsadda poytaxtimizda Ikkinchi Xitoy–Oʻzbekiston taʼlim forumi hamda uning doirasida Oʻzbekiston–Xitoy kasbiy taʼlim alyansining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Bu tadbirni kasbiy taʼlim sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash yoʻlidagi muhim qadam sifatida baholash mumkin.
Forumda Xitoyning qator oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari hamda kasb-hunar markazlari vakillari, shuningdek, Oʻzbekistonning 160 dan ortiq taʼlim tashkilotlari qatnashdi.
Ayni vaqtda mamlakatimizdagi 598 ta texnikamda 370 ta kasb boʻyicha 442 mingdan ziyod oʻquvchi taʼlim olmoqda. Shu bilan birga, 47 ta texnikamda Buyuk Britaniyaning “Pearson”, Saudiya Arabistonining “ACWA Power”, Shveysariyaning “Globogate”, Germaniyaning “Avestos” va “BSW” kompaniyalari bilan hamkorlikda xalqaro dasturlar asosida kadrlar tayyorlanmoqda.
Xitoy Xalq Respublikasi bilan ham hamkorlik izchil kengayib bormoqda. Hozirda yurtimizda BYD, Huawei, ZTE kabi yirik xitoy kompaniyalari faoliyat koʻrsatmoqda. Ular uchun zarur boʻlgan oʻrta boʻgʻin mutaxassislarini tayyorlash masalasida har ikki tomon ham manfaatdor.
Maʼlumot uchun, 2024-yilda tashkil etilgan Oʻzbekiston–Xitoy kasbiy taʼlim alyansiga Oʻzbekistondan 23 ta texnikam va Xitoydan 128 ta kollej hamda 9 ta kompaniya aʼzo sifatida kiritilgan. Shuningdek, mamlakatimizning har bir viloyatida ikkitadan “Oʻzbekiston–Xitoy ustaxonasi” tashkil etish rejalashtirilgan boʻlib, jami 28 ta texnikamda loyiha ishlari boshlab yuborilgan.








