Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi aviaqatnovlar soni haftasiga 100 taga yetkaziladi

    Transport 23 Yanvar 2024 502

    Pekin shahrida Transport vazirligi delegatsiyasi hamda Xitoy Xalq Respublikasi aviatsiya maʼmuriyati oʻrtasida oʻtkazilgan muzokaralar natijasiga koʻra har ikki mamlakat uchun manfaatli boʻlgan muhim kelishuvning yakuniy matni boʻyicha ijobiy qaror qabul qilinib, kelishuv bayoni imzolandi.

    Ushbu kelishuv bayoni tomonlar oʻrtasida aviaqatnovlar hajmini haftasiga 100 taga (har ikki mamlakat aviakompaniyalari tomonidan 50 tadan) olib chiqish, parvozlar geografiyasini kengaytirish maqsadida Oʻzbekiston va Xitoy aviakompaniyalari uchun ikki mamlakatning istalgan shaharlariga parvoz etish imkoniyatini yaratish (hozirda parvozlarni amalga oshirish uchun 7 ta shahar belgilangan), shuningdek, xizmat koʻrsatuvchi 3 ta aviakompaniyalar sonini cheksiz aviakompaniyalarga oʻzgartirishni nazarda tutadi.

    Mazkur kelishuv Xitoy Xalq Respublikasi aviatsiyasi maʼmuriyati tomonidan mamlakat qonunchiligiga muvofiq ichki kelishuv jarayoni tugatilgandan soʻng joriy yil aprel oyida ikki mamlakat aviatsiya hukumatlarining qoʻshimcha uchrashuvi yakunlariga koʻra kuchga kiradi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.