Uchrashuvda Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi koʻp tomonlama hamkorlik aloqalari strategik darajaga koʻtarilgani alohida taʼkidlandi.
Suhbat davomida hududlararo aloqalar izchil kengayib borayotgani qayd etildi. Shu bilan birga, ikki davlatning mahalliy vakillik organlari oʻrtasidagi muloqotni yanada rivojlantirish masalalari ham muhokama etildi.
Tomonlar iqtisodiyot, investitsiya, taʼlim, madaniyat va turizm yoʻnalishlarida oʻzaro hamkorlikni yanada kengaytirishga hamda parlamentlararo muloqotni faollashtirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
Shuningdek, 2025-yil 5-9-aprel kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasida Xitoy parlamenti delegatsiyasining ishtirok etishi yuzasidan fikr almashildi. Xitoy tomonining ushbu nufuzli tadbirga katta qiziqish bildirayotgani ikki davlat oʻrtasidagi doʻstona aloqalarning yana bir yorqin ifodasi boʻldi.
Mazkur uchrashuv Oʻzbekiston-Xitoy strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash va yanada rivojlantirish yoʻlida muhim qadam boʻlib xizmat qiladi.