Oʻzbekiston va Xitoy TIV rahbarlari telefon orqali muloqot oʻtkazdi

    Xalqaro hamkorlik 20 Yanvar 2023 1436

    2023-yil 19-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Sin Gan bilan telefon orqali muloqot oʻtkazdi.

    Suhbat avvalida Baxtiyor Saidov va Sin Gan bir-birlarini TIV rahbari lavozimiga tayinlangani munosabati bilan tabrikladilar.

    Ikki davlat rahbarlarining ishonchli muloqoti va birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli bugungi kunda Oʻzbekiston-Xitoy munosabatlari misli koʻrilmagan yuksak bosqichga koʻtarilib, mustahkam xususiyat kasb etgani va jadal tus olgani qayd etildi. Parlamentlar, hukumatlar, TIV va tegishli vazirliklar oʻrtasida faol muloqot olib borilyapti.

    Ikki va koʻp tomonlama shakldagi rejalashtirilgan tadbirlarning jadvali va ularga tayyorgarlikning turli jihatlari koʻrib chiqildi.

    Xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik masalalari boʻyicha Oʻzbekiston va Xitoyning pozitsiyalari oʻxshashligi taʼkidlandi.

    Tomonlarning BMT, SHHT va boshqa tashkilotlar doirasida yaqin munosabatlarni davom ettirishga tayyorligi tasdiqlandi.

    Savdo-iqtisodiy aloqalarni jadallashtirish va transport-kommunikatsiya sohasidagi loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

    Oʻzbekiston va Xitoy TIV rahbarlarining telefon orqali muloqoti ochiq, samimiy va doʻstona ruhda oʻtdi. Oʻzbekiston-Xitoy har tomonlama strategik sherikchiligini yanada rivojlantirish maqsadida amaliy aloqalarni davom ettirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.