Oʻzbekiston va Yaponiya yengil sanoat sohasida hamkorlikni rivojlantirmoqchi

    Xalqaro hamkorlik 30 Dekabr 2021 16151

    Oʻzbekiston va Yaponiya mamlakatimizda brend sport kiyimlari va poyabzal mahsulotlarini hamkorlikda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish istiqbollarini muhokama qilyapti.

    Oʻzbekiston diplomatlari Yaponiyaning “ASICS Corporation” boshqaruvchi ijrochi menejeri Kodama Koichiro bilan mamlakatimizda brend sport kiyimlari va poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qilish maqsadida muzokaralar oʻtkazdi.

    Tadbirda Oʻzbekistonning investitsiya salohiyati, toʻqimachilik va charm sanoatini rivojlantirish holati, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” va “Oʻzcharmsanoat” uyushmalariga qarashli korxonalarning ishlab chiqarish faoliyati taqdim etildi. Bundan tashqari, Kodama Koichiro toʻqimachilik sanoatida yuqori qoʻshimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlar, shuningdek, charm sanoatida xalqaro eʼtirof etilgan brendlar nomi ostida mahsulotlar ishlab chiqarish klasterlari faoliyati bilan tanishtirildi.

    Oʻzbekiston vakillari tegishli ishlab chiqarish quvvatlarning mavjudligi, logistika va boshqa infratuzilmalar, mavjud ishchi kuchi, taqdim etilgan imtiyoz va preferensiyalar, keng jugʻrofiy qamrov va mahsulotlarni boshqa davlatlarga, shu jumladan GSP+ doirasida Yevropa mamlakatlariga eksport qilish imkoniyatlarini hisobga olgan holda mamlakatimizda “ASICS” brendi ostida sport mahsulotlarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishni taklif qildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    “ASICS Corporation” — sport anjomlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan transmilliy korporatsiyadir. Soʻnggi yillarda kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan krossovkalar bozorda eng yaxshilari sifatida baholangan. “ASICS” brendi ostida ishlab chiqarilgan va sotiladigan mahsulotlarga poyabzal, kiyim-kechak va aksessuarlar kiradi.