Oʻzbekiston va Yaponiya: oʻzaro manfaatlarga asoslangan hamkorlik

    Xalqaro hamkorlik 27 Iyul 2020 4855

    Koronavirus pandemiyasi tufayli xalqaro miqyosdagi jiddiy oʻzgarishlar sodir boʻlayotganiga qaramay, Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasida ikki mamlakatning strategik manfaatlariga javob beradigan koʻp qirrali hamkorlik aloqalari tobora mustahkamlanib bormoqda.

    2020-yil aprel oyida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov va Yaponiya Bosh vazirining oʻrinbosari, Moliya vaziri Taro Aso ishtirokida videokonferensiya boʻlib oʻtdi.

    Suhbat chogʻida qishloq xoʻjaligi, kimyo va energetika sohalaridagi loyihalarni amalga oshirish bilan bogʻliq dolzarb masalalar koʻrib chiqildi. Koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurash va pandemiyaning iqtisodiy oqibatlarini bartaraf etish doirasida Yaponiya hukumatining Oʻzbekistonga moliyaviy koʻmak berishi masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi. Shuningdek, investitsion loyihalar doirasidagi keyingi qadamlarni amalga oshirish uchun Yaponiya moliyaviy institutlaridan qoʻshimcha mablagʻlarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

    Pandemiyaning global iqtisodiyotga salbiy taʼsiriga qaramay, Tokio jahonda investitsion gigant sifatida yetakchi oʻrinni egallab turibdi. Birgina 2020-yilning aprel oyida Yaponiyaning toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalari 146,5 milliard dollarga yetgan boʻlsa, mart oyida esa bu koʻrsatkich 132 milliard dollarni tashkil etdi. Yalpi ichki mahsulot hajmi boʻyicha Yaponiya dunyoda uchinchi (4,9 trillion AQSH dollari), savdo hajmi boʻyicha esa toʻrtinchi oʻrinni egallab, yillik import hajmi 700 milliard dollardan oshadi.

    2019-yildan boshlab Oʻzbekiston Yaponiyaga mayiz, quritilgan oʻrik va olxoʻri kabi bir qator quruq meva mahsulotlarini yetkazib berishni yoʻlga qoʻydi. Yaponiya hukumati tarafidan mamlakatga kirib kelayotgan import mahsulotlar xavfsizligi va sifati uchun yuqori standartlarni oʻrnatilganligini hisobga olsak, import roʻyxatida Oʻzbekistonda yetishtirilgan mahsulotlar ham mavjudligi muhim yutuqdir. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, agar oʻzbekistonlik eksportchilar mahsulotning taʼminoti va sifati barqarorligini taʼminlashga qodir boʻlsa, yapon isteʼmolchilarining ushbu mahsulotlarga boʻlgan talabi yana-da ortadi.

    Oʻz navbatida, Jahon banki va “Doing Business" xalqaro moliya korporatsiyasining yillik hisobotida Oʻzbekiston reytingining 166-oʻrindan 76-oʻringa koʻtarilishi Yaponiya ishbilarmon doiralari uchun ijobiy signaldir. Shu bilan birga, Xalqaro moliya korporatsiyasining bahosiga koʻra, Oʻzbekiston biznesni yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha oʻnta islohotchi davlatlar qatoriga kirdi.

    Bugungi kunda Oʻzbekiston hududida Yaponiya sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan oʻnlab korxonalar faoliyat koʻrsatmoqda, 15 ta yapon kompaniyasining vakolatxonalari akkreditatsiyadan oʻtgan. Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Yaponiya qoʻmitasining faoliyati ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga salmoqli hissa qoʻshmoqda. YOGMEC, Mitsubishi, Itochu, Sumitomo, Marubeni, Isuzu va boshqa yetakchi yapon kompaniyalari Oʻzbekistonda oʻz faoliyatini olib borayotgani bunga yaqqol misoldir.

    Yaponiyalik ishbilarmonlar Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va oʻzgarishlarni yuqori baholaydilar. Valyuta va soliq tizimini liberallashtirish, viza tartibini soddalashtirish kabi koʻplab islohotlar Oʻzbekistonda muvaffaqiyatli biznes uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratganini taʼkidlamoqdalar. Hamkorlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga birinchi rasmiy tashrifi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli aloqalarni yangi darajaga olib chiqishga xizmat qilganini va Yaponiya biznesining, shu jumladan, kichik va oʻrta biznesning mamlakatda investitsiya loyihalarini amalga oshirishda yana-da faol ishtirok etishiga turtki boʻlganligini taʼkidlamoqdalar.

    2019-yilda Yaponiya ishbilarmon doiralari bilan energetika, sanoat va qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish, infratuzilma, ekologiya, sogʻliqni saqlash va boshqa sohalardagi qator qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun umumiy qiymati 6,5 milliard dollarlik shartnomalar tuzilgani ham shundan dalolat beradi.

    Mutaxassislarning fikriga koʻra, kelajakda Oʻzbekiston rahbariyatining investitsiya muhitini yaxshilash, mamlakatda biznes yuritishning barqaror qoidalarini shakllantirish va transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish orqali yapon ishbilarmon doiralarining Oʻzbekiston bozoriga boʻlgan qiziqishi ortadi.

    Eng ilgʻor ilmiy va texnologik yechimlarga asoslangan Yaponiyaning qudratli sanoat potensiali ushbu davlatni Oʻzbekiston iqtisodiy rivojlanishi va texnologik modernizatsiyasida ijobiy rol oʻynashga qodir muhim sherikka aylantiradi.

    Ayniqsa, ushbu sohada hamkorlik mexanizmlari mavjud boʻlib, tomonlar oʻzaro hamkorlikning ijobiy tajribasiga egaligi eʼtiborga loyiqdir. Jumladan, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan hamkorlikda Toshkent davlat texnologiya universitetida Oʻzbek-yapon yoshlar innovatsiya markazi tashkil etildi. Markaz kimyo va neft, mineral resurslarni qazib olish va qayta ishlash, energiya, energiyani tejash, mashinasozlik kabi sohalarda ilmiy izlanishlarga ixtisoslashgan.

    Shu oʻrinda Toshkentda yuqori texnologiyalar parkini tashkil etish toʻgʻrisida Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasida shartnoma imzolanishi ahamiyatiga toʻxtalib oʻtish kerak. Ushbu tuzilmalar mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim sohalarini texnologik rivojlanishini taʼminlash, yosh va istiqbolli kadrlar tayyorlash uchun poydevor boʻlib xizmat qiladi.

    Ilm-fan va texnologiya sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning samarasiga yana bir misol – Yaponiyaning nufuzli “SATREPS-2020” tanlovida Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va professor Kristina Toderich (Tottori universiteti, Yaponiya) koʻmagida taqdim etilgan loyihaning grantga sazovor boʻlganligidir. 2020-yil iyun oyida ushbu loyiha Yaponiya fan va texnologiyalar agentligi tomonidan tanlangan 10 ta xalqaro loyihalar ichida eng yaxshisi deb topildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markaz Yaponiyaning 8 universitetining yetakchi olimlari bilan birgalikda “Orolboʻyida shoʻrlanish bilan kurashish, yer unumdorligini oshirish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash uchun suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish boʻyicha yangi texnologiyalarini ishlab chiqish” loyihasini taqdim etdi.

    Yaponiya Oʻzbekistonni geografik joylashuvi va iqtisodiy salohiyati jihatidan Markaziy Osiyo mintaqasidagi muhim hamkor sifatida koʻradi. Yaponiyaning mintaqaga ajratgan umumiy yordamining qariyb 57 foizi Oʻzbekistonga toʻgʻri kelgani buning yaqqol dalilidir.

    Masalan, 1993-yildan 2019-yilgacha JICA dasturlari doirasida 2,52 milliard dollar miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilgan. Shuningdek, 329 talaba Yaponiya universitetlarida magistratura va doktoranturani oʻqitish uchun Yaponiya hukumati grantlariga sazovor boʻldi, 2416 nafar oʻzbek mutaxassislari Yaponiyada amaliyot oʻtab qaytishdi. Yaponidan 335 koʻngilli mutaxassislar Oʻzbekistonga yapon tili, kompyuter texnologiyalari, biznesni boshqarish, iqtisodiyot, huquq, sogʻliqni saqlash, sport, turizm sohalari boʻyicha taʼlim berish uchun yuborilgan.

    Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) orqali umumiy qiymati 1,9 milliard dollarga teng 7 loyiha amalga oshirildi, 721 million dollar miqdoridagi tijorat kreditlari ajratilgan. Shu jumladan Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasini qurish uchun (622,2 million dollar), Buxoro neftni qayta ishlash zavodi (59 million), Koʻkdumaloq konidagi kompressor stansiyasi (76 million), Fargʻona neftni qayta ishlash zavodini rekonstruksiya qilish (83 million) uchun uzoq muddatli kreditlar ajratildi.

    Shu oʻrinda, koʻplab loyihalarning ijtimoiy yoʻnaltirilganligi ham eʼtiborga loyiqdir. Ushbu loyihalarning samarasi fuqarolarning turmush darajasini toʻgʻridan-toʻgʻri yaxshilashga xizmat qiladi. Koronavirus pandemiyasi keng tarqalganiga tufayli, Yaponiya mamlakatimizda tibbiyot sohasini rivojlantirish va modernizatsiya qilishga yordam bermoqda.

    17-iyun kuni Yaponiya iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish loyihasi doirasida Oʻzbekistonga 4,6 million dollarlik kompyuter tomografiyasi va tibbiy skanerlarini sovgʻa qildi. Tibbiy konteynerlar mobil klinika sifatida koronavirusga tashxis qoʻyish va davolash uchun ishlatilishi mumkin boʻlgan texnologiyalar bilan jihozlangan. Yaponiya tomonining ushbu qadami COVID-19 pandemiyasi davrida Oʻzbekistondagi sogʻliqni saqlash tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bundan bir necha oy avval, Yaponiya tomoni test toʻplamlari va antiviral preparatlar shaklida insonparvarlik yordamini ham taqdim etgan edi.

    Joriy yilning may oyida Yaponiya Oʻzbekistondagi COVID-19 pandemiyasining ijtimoiy-iqtisodiy taʼsirini bartaraf etish boʻyicha BMTTD faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun 1,9 million dollar ajratdi. Shubhasiz, ushbu loyiha Oʻzbekistonda COVID-19 taʼsirini yumshatish, shuningdek barqaror rivojlanish uchun shart-sharoitlarni yaratish maqsadida olib borilayotgan ishlarni amaldagi ijobiy taʼsirini oshiradi.

    Yaponiya bilan moliyaviy va texnik hamkorlik tufayli mamlakatimizda taʼlim, xizmat koʻrsatish va boshqa sohalarda bir qator ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalari amalga oshirilmoqda.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrifi chogʻida imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Yaponiya turizm agentligi oʻrtasida 2020-2022-yillarga moʻljallangan turizm sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida memorandum” doirasida sayyohlik sohasi jadal rivojlanayotganini taʼkidlash mumkin.

    H.I.S.Holdings kompaniyasining Toshkent va Samarqandda yapon uslubidagi mehmonxonalarni qurish va Yaponiyadan sayyohlarni jalb qilish uchun oʻz vakolatxonasini ochish boʻyicha qarori Yaponiya aholisining mamlakatimiz sayyohlik merosiga katta qiziqish bildirayotganidan dalolat beradi.

    Mutaxassislarning fikriga koʻra, pandemiya sharoitida turizm sohasini tiklash uchun mahalliy tadbirkorlar zamonaviy yapon texnologiyalari, sanitariya-epidemiya standartlari va xavfsiz turizmni taʼminlash usullarini joriy etishlari mumkin. Masalan, joriy yilning iyul oyida Yaponiyaning Global Agentskompaniyasi barcha mehmonxonalarida kontaktsiz mehmonlarni xizmat koʻrsatishni tizimini joriy qildi. Tozalash xonalarida yangi texnologiyalarni qoʻllash bilan bir qatorda, kompaniya yangi ilovalar yordamida xodimlar va mehmonlar oʻrtasida ijtimoiy masofani saqlab qolgan xolda xizmat koʻrsatib kelyapti.

    Kunchiqar mamlakatning ulkan moliyaviy sarmoyaviy va ilmiy-texnik salohiyati uni 2017-2021-yillarda Oʻzbekistonning Harakatlar strategiyasi dasturlarini amalga oshirishda va mamlakatni keyingi rivojlanishida muhim sheriklardan biriga aylantiradi.

    Shu munosabat bilan aytish mumkinki, Yaponiya Oʻzbekiston uchun strategik va ishonchli sherik boʻlib kelgan va shunday boʻlib qoladi. Yaponiya davlatimizning iqtisodiyoti va ijtimoiy sohasini tubdan isloh qilish va modernizatsiya jarayonlarini qoʻllab-quvvatlab keladi.

    Umuman olganda, ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstona va ishonchli munosabatlar savdo-iqtisodiy, investitsion, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar sohalarda oʻzaro manfaatli va progressiv hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam va qulay zamin yaratadi. Ikki tomonlama hamkorlikni yana-da kengaytirish va chuqurlashtirish Oʻzbekiston va Yaponiyaning milliy manfaatlariga javob beradigan siyosatdir.

    Abror Madumarov,

    Madina Oripova,

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

    Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimlari.