Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlar rolini oshirish toʻgʻrisidagi BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifini ilgari surgandi. Parlamentlararo Ittifoq Ijroiya qoʻmitasi yigʻilishida davlatimiz rahbarining ushbu tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi.

Shuningdek, Jahon milliy parlamentlari ayol spikerlarining 14-sammitini joriy yilda Oʻzbekistonda Parlamentlararo Ittifoq bilan hamkorlikda oʻtkazish masalasi yigʻilish ishtirokchilari tomonidan maʼqullandi. Mazkur sammitning Oʻzbekiston, umuman, Markaziy Osiyoda ilk bor oʻtkazilishi jahon hamjamiyati tomonidan mamlakatimizning parlamentarizmni rivojlantirish borasidagi natijalari, gender siyosatda erishgan samaralari, jamiyatni demokratlashtirish yoʻlidagi shiddatli islohotlar tufayli qoʻlga kiritgan yutuqlarining eʼtirofidir.

Milliy parlamentlar ayol spikerlarining 14-sammiti fikr va tajriba almashish, shuningdek, yetakchi ayollar oʻrtasida aloqa oʻrnatish va hamkorlik qilish uchun qulay muloqot maydoni hisoblanadi. Avvalgi sammit 2021-yil sentyabr oyida Vena shahrida boʻlib oʻtgan va koronavirus pandemiyasining oqibatlarini bartaraf etish masalalariga bagʻishlangan. Hozirgi vaqtda Oʻzbekiston Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotiga raislik qilayotgani hisobga olinsa, navbatdagi ayol spikerlar sammitini oʻtkazish uchun Oʻzbekiston tanlangani har tomonlama mantiqiy va asoslidir.

Parlamentlararo Ittifoq Ijroiya qoʻmitasi yigʻilishida joriy yilda Indoneziyaning Nusa-Dua-Bali shahrida oʻtkaziladigan Parlamentlararo Ittifoqning 144-Assambleyasiga tayyorgarlik koʻrish bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqildi. Boʻlajak anjuman butun dunyoda demokratiyani taʼminlash, parlamentlararo muloqotni ilgari surish nuqtayi nazaridan ulkan ahamiyat kasb etishiga ishonch bildirildi.

Parlamentlararo Ittifoqning 144-Assambleyasida, jumladan, iqlim oʻzgarishlariga nisbatan xalqaro darajadagi saʼy-harakatlarni yanada kuchaytirish, bunda dunyo mamlakatlari parlamentlarining rolini oshirish istiqbollari muhokama etilishi kutilmoqda. Yigʻilish ishtirokchilari taʼkidlaganidek, Parlamentlararo Ittifoq jahon jamoatchiligining iqlim oʻzgarishlari boʻyicha xabardorligini yanada oshirish va turli siyosiy partiyalar vakillaridan tashkil topgan parlamentlar aʼzolarining ushbu muammoga yechim topishga qaratilgan saʼy-harakatlarini ragʻbatlantirishda muhim rol oʻynaydi.

Ekologiya muammolari sarhad bilmaydi va shuning uchun iqlim oʻzgarishlari bilan bogʻliq masalalarni har qaysi davlat oʻz holicha hal etishga intilishi kutilgandek samara bermasligi tabiiy. Shu maʼnoda, butun dunyo davlatlari va barcha xalqaro tashkilotlar ishtirokida iqlim oʻzgarishlariga qarshi kurashish uchun yagona xalqaro koalitsiya tuzish zarurati dolzarb boʻlib turibdi.

Parlamentlararo Ittifoq Ijroiya qoʻmitasi yigʻilishida Parlamentlararo Ittifoqning BMTdagi siyosiy loyihasi koʻrib chiqildi. Parlamentlararo Ittifoq bilan BMT oʻrtasidagi tarixiy hamkorlik aloqalari bundan 20 yil oldin yoʻlga qoʻyilgan. Oʻtgan davrda har ikki nufuzli xalqaro tashkilot oʻz vazifalarini astoydil bajarish, boshqa xalqaro tashkilotlarni qoʻllab-quvvatlash, umumiy maqsadlarga yakdillik bilan intilish borasida hamisha hamkor va hamfikr boʻlib kelmoqda.

Ikkala xalqaro tashkilotning ham maqsad-vazifalari koʻp jihatdan uygʻun va xamohangdir. Ularda oʻzaro texnologiya va tajriba almashishning koʻplab imkoniyatlari mavjud. Shu nuqtayi nazardan, Parlamentlararo Ittifoqning BMTdagi siyosiy loyihasi ikkala xalqaro tashkilot oʻzaro munosabatlarining istiqboldagi muhim yoʻnalishlarini belgilab olishda qoʻl keladi.

Ijroiya qoʻmita yigʻilishida Parlamentlararo Ittifoqning Shaffoflik, hisobdorlik va ochiqlik masalalari boʻyicha ishchi guruhi hisoboti ham tinglandi. Mazkur Ishchi guruh Parlamentlararo Ittifoqning transparentlik, hisobdorlik va manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish masalalari yuzasidan oʻtkazgan mustaqil tadqiqoti natijasida tuzilgan.

Shaffoflik, hisobdorlik va ochiqlik masalalari boʻyicha ishchi guruh hisoboti qoʻllab-quvvatlandi. Ushbu tuzilma va uning hisoboti Parlamentlararo Ittifoqning faoliyati uchun manfaat keltirishi hamda mazkur xalqaro tashkilot oʻz ishida shaffoflik, hisobdorlik va ochiqlikni mustahkamlashi, bu tamoyillarga yanada qatʼiy amal qilishga koʻmaklashishi qayd etildi.

Bundan tashqari, yigʻilishda Parlamentlararo Ittifoqning 2022-2026-yillarga moʻljallangan Kommunikatsiya strategiyasi loyihasi koʻrib chiqildi. Mazkur Strategiya Parlamentlararo Ittifoqqa joriy besh yil davomida kommunikatsiya sohasidagi faoliyatni tubdan kuchaytirish orqali oʻzining strategik maqsadlariga erishishi uchun yordam beradi.

Ijroiya qoʻmitaning Dubaydagi yigʻilishida, shuningdek, Parlamentlararo Ittifoq tomonidan yaqin kelajakda oʻtkaziladigan asosiy tadbirlar atroflicha muhokama qilindi. Kun tartibidagi boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi.

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati.