Bu savolga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻining oʻrinbosari Nurmat Atabekov quyidagicha javob berdi:

— Oʻtgan yillar davomida jami 21 ta vaksina saqlash omborlari, shu jumladan, 1 ta milliy, 14 ta mintaqaviy va 6 ta tuman omborlari qurilishi qoʻllab-quvvatlangan edi.

Hozirgi vaqtda mamlakatimiz boʻyicha 16 ta vaksina ombori qurib bitkazilib, 29 ta maxsus sovitkichlar vaksina omborlariga oʻrnatildi.

Qolgan 5 ta vaksina omborxonasi esa 2021-yilning birinchi choragi oxirigacha qurib, foydalanishga topshirilishi kutilyapti.

Joriy yilning ikkinchi choragi yakuniga qadar milliy omborxona ham qurib bitkaziladi.

Barcha omborlarga yongʻin xavfsizligi va signalizatsiya tizimi oʻrnatilgan boʻlib, ulardagi mavjud sovuqlikni taʼminlab berish tizimlari zamonaviy generatorlar va stabilizatorlarga ulangan. Ularning barchasi vaksinalarni yuklash-tushirish uskunalari, avtokaralar va maxsus kiyimlar bilan taʼminlandi.

Shuningdek, vaksinalarni xavfsiz va tezkor tashish uchun yurtimizga jami 17 ta avtorefrijirator, 206 Miniven-Labo avtomashinalari keltirildi.

Viloyatlarga jami 34 ta muzxona, 10 121 dona termokonteyner va termosumka, 749 ta muzlatkich, birlamchi davolash-profilaktika muassasalariga 2 mingdan ortiq sovitkich oʻrnatilgan.

Bundan tashqari, hududlarga jami 4 000 harorat indikatori va 5 000 muzlatish indikatori tarqatildi, ehtiyot qismlari zaxirasi yaratilib, mavjud omborlar ixtiyoriga oʻtkazildi.

Olib borilgan ana shunday tadbirlar natijasida immunoprofilaktika dasturlarining oʻz vaqtida, toʻliq ijro etilishi orqali yurtimizda nafaqat koronavirus, balki boshqa boshqariluvchi yuqumli kasalliklar boʻyicha epidemik barqarorlikka erishilyapti.

Nurmat Atabekov bilan bu borada suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati oʻtkazdi.