Oʻzbekiston Wildberries bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyadi

    Biznes 21 Oktabr 2024 467

    Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va MDHdagi eng yirik onlayn platformalardan biri – Wildberries oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandumni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

    Hujjatda Wildberries platformasi orqali mahalliy tadbirkorlikni rivojlantirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarining eksport salohiyatini yuksaltirish, ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash, tadbirkorlar uchun seminar va treninglar oʻtkazish, elektron savdoni rivojlantirish yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf etish kabi hamkorlik yoʻnalishlari belgilandi.

    Tadbirda taʼkidlanganidek, memorandumning imzolanishi tomonlarning Oʻzbekistonda onlayn-biznes uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, ishlab chiqaruvchilar va eksportchilarning oʻz mahsulotlarini xalqaro bozorlarga onlayn targʻib qilish imkoniyatlarini kengaytirishga sobitligini bildiradi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Wildberries&Russ (RVB MChJ) bozorning ikki yetakchisi — Wildberries IT-kompaniyasi va Russ tashqi reklama operatorining birlashishi natijasida zamonaviy raqamli savdo platformasini birgalikda yaratish hamda kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish vositalarini taqdim etish maqsadida tashkil etilgan. Ayni paytda kompaniya Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Oʻzbekistonda, shuningdek, Xitoyda faoliyat yuritadi – ushbu mamlakatdan tovarlar import qilinadi.