“O‘zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga binoan “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” DUK tomonidan kino va teatr aktyori, O‘zbekiston xalq artisti San’at Devonov haqida  "San’atdagi San’at" nomli hujjatli filmning tasvirga olish ishlari yakunlandi.

San’at Devonov 1932 yil 9 may kuni Xorazm viloyatining Xonqa tumanida tavallud topgan. U ijodiy faoliyatini Ogahiy nomidagi Xorazm viloyat musiqali drama teatridan boshlaydi. 1973 yil hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutini tamomlagan. Aktyor sahnada Gamlet, Alisher Navoiy va Tohir rollarini ijro etgan. San’at Devonovni tomoshabinlar milliy kinematografiyaning durdona asarlaridan biri “Maftuningman” filmi orqali eslashadi. Bundan tashqari, «Ulug‘bek yulduzi», «Olovli yo‘llar», «Alpomish» kabi filmlarda ham rollar ijro etgan.

Hujjatli filmning suratga olish ishlari Xorazm va Toshkent shahrida bo‘lib o‘tdi. Rejissyor Murod Odilov, ssenariy muallifi Shuhrat Rizayev, operator Anvarxon Qosimov, film direktori Zuhra Po‘latova.