Oʻzbekiston xalq baxshisi Qalandar baxshi vafot etdi

    Tashvishli xabar 1 Mart 2024 526

    Qalandar baxshi koʻp yillar davomida “Avazxon” folklor etnografik xalq ansambli badiiy rahbari sifatida ishlagandi.

    Oʻzbekiston xalq baxshisi Qalandar baxshi (Roʻzimboy Normatov) 73 yoshida vafot etdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi xabar berdi.

    Xorazm baxshichilik, dostonchilik maktabining yirik nomoyondalaridan biri boʻlgan Roʻzimboy (Qalandar baxshi) Normatov 1951-yil 15-iyunda Xorazm viloyati, Shovot tumanida tavallud topgan. U 1990-yil Toshkent davlat madaniyat institutini tamomlagan.

    Qalandar baxshi xalq ijodiyotining anʼanaviy xalq termalari, dostonlari, xalfa qoʻshiqlari va masxarabozlik yoʻnalishlarini oʻz ichiga qamrab olgan “Avazxon” folklor etnografik xalq ansambli badiiy rahbari sifatida koʻp yillar faoliyat yuritgan.

    Qalandar baxshi qadimiy dostonlardan “Oshiq Gʻarib va Shohsanam”,“ Tohir va Zuhra», “Oshiq Mahmud”,” Sayotxon va Hamro», “Goʻroʻgʻli” dostonlari turkumiga kiruvchi “Baziryon”, “Avazxon”, “Xirmondal” kabi qator dostonlarini kuylash bilan birgalikda, bizgacha faqat mazmunlari orqaligina yetib kelgan qadimiy “Yusuf Ahmad” dostonining qayta tiklanib ijro etilishiga munosib hissa qoʻshgan.

    2001-yilda baxshichilik sohasidagi mehnatlari uchun “Oʻzbekiston xalq baxshisi” unvoni bilan taqdirlangan.