Oʻzbekiston Xalqaro elektraloqa ittifoqi tomonidan oʻtkazilgan xalqaro forumda ishtirok etdi

    Xalqaro hamkorlik 14 Noyabr 2022 1605

    Mamlakatimiz elchixonasi koʻmagida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirining oʻrinbosari Doniyor Rustamov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasining Saudiya Arabistoniga amaliy safari tashkil etildi.

    Safar davomida Oʻzbekiston delegatsiyasi Saudiya tomoni bilan axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish boʻyicha hamkorlik aloqalarini oʻrnatish va uni jadallashtirish istiqbollarini muhokama qilgani barobarida Xalqaro elektraloqa ittifoqi tomonidan tashkil etilgan (XEI) “Dunyoni osmon bilan bogʻlab” deb nomlangan forumda ishtirok etdi.

    XEI forumida “Osmondan ulanishni taʼminlashning murakkabliklari va imkoniyatlari”, “B5G va 6G uchun yer usti boʻlmagan tarmoqlarda IEEE tanlovi”, “Nima uchun dunyo osmondan ulanishga muhtoj?”, “Texnologiya namoyishi: Stratosferadan ulanish”, “Xizmat koʻrsatuvchi provayderlarning milliy chegaralardan tashqarida globallashuvi”, “Global ulanish uchun integratsiyalangan kosmik-havo-yer tarmoqlari” va boshqa mavzulardagi maʼruzalar tinglandi.

    Tadbirda davomida Oʻzbekiston tomoni Niderlandiyaning “SES” kompaniyasi bilan Oʻzbekistonda zamonaviy yoʻldoshli aloqa tizimlaridan foydalanish boʻyicha Hamkorlik memorandumini imzolash va “One Web” kompaniyasi bilan Oʻzbekistonda xab stansiyasini qurish masalalari boʻyicha muzokaralar oʻtkazdi. Shuningdek, Saudiya Arabistonining Radio va televideniye boʻyicha komissiyasi rahbari Muhammad bin Fahad Al-Harsiy, XEIning Radioaloqa byurosi direktori Mario Manevichlar bilan ikki tomonlama uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.

    Boʻlib oʻtgan muzokaralar natijasida Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasida axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish boʻyicha oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan Amaliy harakatlar rejasini ishlab chiqish va Hamkorlik memorandumini imzolashga kelishib olindi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.