Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining nomi oʻzgartirildi

    Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi etib qayta nomlandi.

    Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida belgilandi.

    Farmonga koʻra, Akademiya islomshunoslik va dinshunoslik sohalarida mutaxassislarni hamda oʻquv dasturi, qoʻllanma va darsliklarni tayyorlashga ixtisoslashgan tayanch davlat oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasasiga aylandi.

    Quyidagilar Akademiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:

    • islomshunoslik, dinshunoslik, din psixologiyasi, islom iqtisodiyoti, manbashunoslik, xalqaro munosabatlar va ehtiyoj mavjud boʻlgan boshqa sohalar boʻyicha kadrlar tayyorlash;
    • taʼlim jarayoniga ilgʻor pedagogik texnologiyalarni, ilm-fan va texnikaning soʻnggi yutuqlarini hamda yetakchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari tajribasi asosida ishlab chiqilgan taʼlim dasturlarini joriy etish;
    • vijdon erkinligi va konfessiyalararo bagʻrikenglikni taʼminlash, radikallashuv, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish hamda diniy sohadagi davlat siyosatining asoslariga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish;
    • diniy-maʼrifiy yoʻnalishda ilmiy, ilmiy-ommabop adabiyotlarni tayyorlash va nashr qilish, shuningdek, internet tarmogʻida taʼlim resurslarini joylashtirish va muntazam yangilab borish;
    • talabalarda yuksak maʼnaviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, Vatanga muhabbat, uning taqdiriga daxldorlik, kasbga sadoqat hissini mustahkamlash, taʼlim-tarbiya jarayoni hamda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish;
    • mamlakatimizda va xorijda diniy sohada faoliyat olib borayotgan ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qilish.

    Farmon bilan Akademiyaga quyidagi huquqlar berildi:

    • oʻquv-ilmiy jarayonlarga jalb etilgan yuqori malakali xorijiy mutaxassislar mehnatiga haq toʻlash miqdorlarini bozor konyunkturasidan kelib chiqib belgilash;
    • Qoʻmita bilan kelishgan holda toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish qiymatini tegishli yoʻnalish va mutaxassisliklar boʻyicha davlat oliy taʼlim muassasalarida belgilangan bazaviy toʻlov-kontrakt qiymatidan uch baravardan ortiq boʻlmagan miqdorda belgilash;
    • talabalarning toʻlov-kontrakt mablagʻlarini toʻlash muddatlarini belgilash va uzaytirish;
    • yetuk xorijiy mutaxassislarni jalb qilish hamda Akademiya vakillarini xorijiy ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalariga malaka oshirish va tajriba orttirish uchun yuborish;
    • oʻz grifi asosida darsliklar hamda boshqa oʻquv va ilmiy adabiyotlarni yaratish va nashr etish.

    Akademiyaga oʻqitishning toʻlov-kontrakt shaklidan tushadigan mablagʻlarning yetishmagan qismi davlat oliy taʼlim muassasalarini saqlash uchun ajratilgan mablagʻlar doirasida tasdiqlangan byudjet parametrlariga tegishli oʻzgartirish kiritish orqali qoplanadi.