Oʻtib borayotgan yil xalqimiz hayotida katta oʻzgarishlar, ertangi kunga mustahkam ishonch va ulkan natijalar yili boʻldi.
Dunyodagi murakkab vaziyatga qaramasdan, biz oʻz oldimizga qoʻygan barcha maqsad va marralarga erishdik. Oʻzbekiston yalpi ichki mahsuloti hajmi ilk bor 145 milliard dollardan oshdi va mamlakatimiz oʻrta daromadli davlatlar qatoridagi oʻrnini mustahkamladi.
Iqtisodiy oʻsish samarasi odamlarimiz hayotida, oilalar daromadida, mahallalar qiyofasida, yoshlarimizning kelajakka boʻlgan ishonchida yaqqol namoyon boʻlmoqda.
Oʻtayotgan yilda har bir oila, har bir xonadonda xursandchiliklar, baxtli onlar koʻp boʻldi.
Yangi uyga koʻchib kirgan, oʻz biznesini yoʻlga qoʻygan yoki kengaytirgan, daromadi oshgan, ilm-fan, sport, madaniyat va boshqa sohalarda oʻzi yoki farzandlarining yutuqlaridan quvongan millionlab oilalarning shodligi 2026-yildagi maqsadlarimizga erishish yoʻlida bizga albatta katta kuch beradi.
Aziz yurtdoshlarim!
Biz kelgusi yilda ham har bir oilaning baxtli, farovon va sogʻlom hayot kechirishi, yoshlarimizning sifatli taʼlim olishlari, kelajak kasblarini egallashlari va sport bilan muntazam shugʻullanishlari uchun yangi-yangi imkoniyatlarni ishga solamiz!
Biz 2026-yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qildik.
Yangi yilda minglab mahallalar infratuzilmasini yaxshilab, ularga Yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib kiramiz.
Barcha iqtisodiyot tarmoqlarini texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazamiz. Xalqimizning daromadi va xarid qobiliyatini oshirish ishlarini yanada jadallashtiramiz.
Aholining yordamga muhtoj qatlamlari, muhtaram keksalarimiz, qadrli xotin-qizlar va navqiron yoshlarimizni qoʻllab-quvvatlashni kengaytiramiz.
Ekologiyani yaxshilash, “yashil” energetikani rivojlantirish va suv resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha taʼsirchan choralarni davom ettiramiz.
Bir soʻz bilan aytganda, yangi 2026-yilda ham barcha islohotlarimiz, saʼy-harakatlarimiz odamlarimiz yaxshi yashashi va biznes uchun eng qulay sharoitlarni yaratishga qaratiladi.
Tajribali mahalla raislari va faollari, ziyolilar, tadbirkorlarimiz, sergʻayrat yoshlarimiz, keng jamoatchiligimiz, har bir vatandoshimiz ushbu olijanob ishlarga munosib hissa qoʻshadi deb ishonaman!
Aziz vatandoshlarim!
Yangi yil arafasida har bir oila yaxshi niyatlar qiladi, har bir inson qalbida yorqin orzu-umidlar joʻsh uradi.
Har birimizning pok niyatlarimiz, ezgu maqsadlarimiz 2026-yilda albatta amalga oshsin!
Yangi yil har bir oilaga sihat-salomatlik, baxt-saodat, qut-baraka, yurtimizga yuksak taraqqiyot, tinchlik-xotirjamlik olib kelsin!
Yaratgan Parvardigor Vatanimizni asrasin, xalqimiz hayotini yanada yaxshilash yoʻlidagi ishlarimizda madadkor boʻlsin!
Yangi yil barchamizga muborak boʻlsin, azizlarim!
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti