Oʻzbekiston Xitoydan kichik modulli reaktorlaridan foydalanishni oʻrganadi

    Shu yilning 4-noyabr kuni Atom energiyasi agentligi direktori Azim Axmedxadjayev China National Nuclear Corporation Overseas bosh direktori Vei Fuki bilan uchrashdi.

    4-noyabr kuni Atom energiyasi agentligi direktori Azim Axmedxadjayev Shanxaydagi EKSPO koʻrgazmasi doirasida China National Nuclear Corporation Overseas (CNOS, China National Nuclear Coorporation — CNNCʻning shuʼba korxonasi) bosh direktori Vei Fuki bilan uchrashdi, deya “Gazeta.uz”ga xabar berdi “Oʻzatom” matbuot xizmati.

    Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari belgilab olindi hamda atom energetikasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, uzoq muddatli hamkorlik tashabbuslar istiqbollari muhokama qilindi.

    Tashrif yakunida CNNC bilan atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida hamkorlik qilish, Xitoyning atom elektr stansiyalari qurish tajribasini oʻzlashtirish imkoniyatlari, Oʻzbekistonda Xitoy kichik modulli reaktorlarining (KMR) qoʻllanilishini oʻrganish, uran rudasini qazib olish, qayta ishlash, shuningdek, ishlab chiqarishni kengaytirish sohasidagi hamkorlik va yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulotlarni eksport qilish va keyinchalik atom elektr stansiyalarida yoqilgʻidan foydalanish masalalarida kelishuvga erishildi.

    Tomonlar, shuningdek, uran rudasini qazib olish, qayta ishlash, shuningdek, ishlab chiqarishni kengaytirish sohasidagi hamkorlik va yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulotlarni eksport qilish va keyinchalik AESlarda yoqilgʻidan foydalanish masalarini muhokama qildi.

    Xitoy tomoni yadro texnologiyalarining barcha yoʻnalishlarida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi, deya xabar beradi “Oʻzatom”.