Maʼlumki, 2017-yilda qabul qilingan Oʻzbekiston Prezidentining PF-5099-sonli farmoni IT-kompaniyalarga qator imtiyoz va preferensiyalar taqdim etilishida fundamental hujjat boʻlib xizmat qilmoqda. Unga koʻra, kompaniyalar 2028-yilgacha boʻlgan muddatga:
- barcha turdagi soliqlardan;
- asbob-uskunalarni olib kirishda bojxona toʻlovlaridan;
- chet ellik mutaxassislarni jalb qilish uchun ruxsatnoma olishdan toʻliq ozod qilindi.
Shuningdek,
- xorijiy kompaniyalarning dividendlaridan olinadigan soliq 5 foizgacha;
- daromad soligʻi stavkasi 7,5 foizgacha tushirildi.
Bundan tashqari, korxonalarga:
- faoliyatni ofisni ijaraga olmasdan, masofadan turib amalga oshirish;
- taʼsischilarga dividendlar va chet el valyutasida ish haqi toʻlash;
- eksport kontrakti mavjud boʻlmagan holda xizmatlar eksportini elektron savdo platformalari orqali amalga oshirish huquqi berildi.
Mahalliy IT-kompaniyalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida investorlar, taʼsischilar, chet ellik IT-mutaxassislar, shuningdek, ularning oila aʼzolari uchun “IT-viza” dasturi joriy etildi.
2019-yilda yoʻlga qoʻyilgan “Bir million oʻzbek dasturchisi” loyihasi bilan birga mamlakatning barcha hududlarida IT-markazlarning ochilishi sohaga har yili 50 mingdan ortiq yosh mutaxassislarni tayyorlab bermoqda.
Soliq imtiyozlari va kadrlar tayyorlash dasturi tufayli Oʻzbekistonda bir qator yirik xorijiy IT-kompaniyalar oʻz vakolatxonalarini ochdi.
Oʻzbekistonning investitsion jozibadorligini oshirish maqsadida IT-Park “TashRush” dasturini ishga tushirdi, unga koʻra chet el kompaniyalari va IT-mutaxassislarga (OneStopShop tamoyili asosida) yuridik shaxsni roʻyxatdan oʻtkazish, ofislarni qidirish, xodimlarni yollash boʻyicha xizmatlar taqdim etiladi. Mutaxassislar uchun esa IT-Park rezident kompaniyalariga moslashish va ishga joylashishda koʻmak beriladi.
Yil boshidan buyon 3000 dan ortiq xorijlik IT-mutaxassis ushbu dasturdan foydalangan boʻlib, ular faqat chet el kompaniyalarga xizmat koʻrsatish uchun ixtisoslashgan. Ushbu professionallar tajribasi Oʻzbekistonda yosh kadrlarning malakasini oshirishda ham qoʻl kelmoqda.
Mamlakatimizda tashkil etilayotgan xorijiy kompaniyalar filiallari chet ellik mutaxassislarni axborot texnologiyalari sohasida 5 mingdan ortiq yosh kadrlarni ish bilan taʼminlash, IT-xizmatlari eksportini 100 million AQSH dollariga yetkazish imkonini yaratadi.