Bu haqda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov oʻzining ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarida maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, Xalqaro elektr aloqa ittifoqi (ITU) tomonidan 2025-yil uchun eʼlon qilingan “ICT Regulatory Tracker” reytingida Oʻzbekiston sezilarli yutuqqa erishdi. Mamlakat mazkur reytingda 2020-yilda 27,5 ball bilan G1 darajani egallagan boʻlsa, 2022-yilda 45 ball bilan G2 natijani qayd etgan.
2024-yilga kelib, Oʻzbekiston oʻz natijasini 27,5 ballga oshirib, 72,5 ball koʻrsatkichiga erishdi va G2 darajasidan G3 darajasiga koʻtarildi hamda umumiy 2020-yildan buyon 45 ballga yuqoriladi.
Bu bilan Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida G3 darajaga erishgan yagona davlatga aylandi. Bu esa mamlakatning AKT sohasidagi global raqobatbardoshligini oshiradi hamda xalqaro hamkorlik va investitsiyalarni jalb etish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Bu koʻrsatkich Oʻzbekistonning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) sohasidagi tartibga solish muhitini rivojlantirish, raqamli iqtisodiyotni shakllantirish va innovatsion islohotlarni amalga oshirish boʻyicha olib borayotgan siyosati samaradorligini tasdiqlaydi.
Maʼlumot uchun: ICT Regulatory Tracker — bu ITU tomonidan ishlab chiqilgan baholash mexanizmi boʻlib, mamlakatlarda AKT sohasini tartibga solish darajasini 50 ga yaqin indikatorlar asosida baholaydi. Reyting har ikki yilda yangilanib, dunyo mamlakatlarining raqamli transformatsiyadagi rivojlanish darajasini taqqoslash imkonini beradi.








