Oʻzbekiston yangi autsorsing markazi sifatida jahon IT hamjamiyatining eʼtiborini tortdi

    Xalqaro hamkorlik 4 Noyabr 2022 943

    Ayni kunlarda Samarqand shahrida II Oʻzbekiston xalqaro iqtisodiy forumi boʻlib oʻtyapti.

    Bugun, 4 noyabrda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov ushbu forum doirasida Oʻzbekistonda BPO yoʻnalishlarini rivojlantirishga bagʻishlangan panel muhokamasida soʻzga chiqdi. Uchrashuv “Oʻzbekiston Axborot texnologiyalari va biznes jarayonlari autsorsingi uchun yangi IT Hub sifatida” mavzusiga bagʻishlandi.

    Maʼlumki, bugungi kunda global raqamli ekotizimda, ayniqsa biznes-jarayonlari autsorsingi (BPO) sohasida katta oʻsish kuzatilyapti. Bu esa, oʻz navbatida, zarur infratuzilmani ham talab qiladi.

    Oʻzbekiston yangi autsorsing markazi sifatida jahon IT hamjamiyatining eʼtiborini tortyapti. Bu yerda mamlakatni yangi yoʻnalishda faol rivojlantirish imkonini beruvchi shart-sharoitlar mavjud: xalqaro talablarga javob beradigan qonunchilik, ingliz tilida soʻzlaydigan iqtidorli yoshlar, zarur zamonaviy infratuzilma, soliq va bojxona imtiyozlari, IT sohasida yuqori sifatli taʼlim mavjudligi va boshqalar.

    Shu tufayli Oʻzbekistonda IT-xizmatlar eksporti ortib boryapti.

    Taqqoslash uchun: 2021-yil oxirida BPO kompaniyalari soni 45 tani, 2022-yilda esa 135 tani tashkil etdi. 2022-yil 3-chorak yakunida IT eksporti hajmi 82 million dollarni tashkil etgan boʻlsa, shundan 38 million dollari BPO kompaniyalari xizmatlari eksportiga toʻgʻri kelgan. Shuningdek, Oʻzbekistonda yoshlarni ish bilan taʼminlash uchun 15 ta BPO markazi tashkil etildi.

    Bundan tashqari, 24–27-oktyabr kunlari Samarqandda “ICTWEEK UZBEKISTAN – 2022” doirasidagi oʻtkazilgan tadbirlarda BPO sohasini rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

    Xususan, IT Park rezident-kompaniyasi Revotech va Amerikaning Effika Corporation kompaniyasi biznes jarayonlari autsorsingi (BPO)ning yangi yoʻnalishlari, yaʼni sugʻurta xizmatlarini rivojlantirishga qaratilgan memorandum imzoladi. Hujjatga koʻra, Effika Corporation 2023-yil uchun sugʻurta sohasida 20 million dollar miqdorida autsorsing xizmatlarini taqdim etadi.

    Oʻzbekistonda BPO yoʻnalishini qoʻllab-quvvatlashga IT Park bilan Termiz va Namangan shaharlarida ikkita BPO markazi ochish toʻgʻrisida hujjat imzolagan Huawei kompaniyasi ham tayyor.

    Shuningdek, AKT haftaligida IT Park ZTE kompaniyasi bilan hujjat imzoladi. Hujjatga koʻra, ZTE Samarqand va Fargʻonada yangi BPO markazlarini qoʻllab-quvvatlash va ochish uchun 100 ming dollar miqdorida mablagʻ ajratadi.

    Buguni panel uchrashuvida ham Oʻzbekistonda BPO markazlarini koʻpaytirish, xizmatlar eksportini oshirish, IT sohasida yoshlar uchun munosib ish oʻrinlari yaratish boʻyicha masalalarga alohida eʼtibor qaratildi, deb xabar beradi Axborot kommunikatsiyalari va texnologiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.