Oʻzbekiston yangi global platforma doirasida bolalar saratoniga qarshi dori vositalarini oladi

    Ushbu dori-darmonlar topshirilishi platformaning 2023-yil sentyabr oyida (shartli ravishda) rasmiy ishga tushirilishiga toʻgʻri keladi.

    Oʻzbekiston yangi global platforma doirasida bolalar saratoniga qarshi dori vositalarini oladigan birinchi olti davlatdan biriga aylanadi, deb xabar berdi Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining (JSST) Toshkentdagi vakolatxonasi.

    12–13-aprel kunlari AQSHning Memfis shahrida saraton kasalligiga chalingan bolalarni dori-darmon bilan taʼminlash boʻyicha global platformani ishga tushirishga tayyorgarlik koʻrish masalasiga bagʻishlangan forum boʻlib oʻtdi va unda Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi delegatsiyasi ham ishtirok etdi.

    Dori vositalari bilan taʼminlash boʻyicha global platforma 2027-yilgacha 50 ta past va oʻrta daromadli mamlakatlarda taxminan 120 000 bolani moliyaviy qiyinchiliklarsiz saratonga qarshi, xavfsiz, samarali va sifatli dori-darmonlar bilan taʼminlashga yordam berishga qaratilgan.

    Forum dori vositalarini muvaffaqiyatli yetkazib berish va platformani ishga tushirishga tayyorgarlik koʻrishda yetakchilik va yondashuv tamoyillarini aniqlash boʻyicha birgalikda ish olib borish uchun turli mamlakatlardan, bolalarda uchraydigan saraton kasalliklarini davolash uchun dori vositalaridan foydalanish imkoniyati masalasiga jalb qilingan tashkilotlar va keng ekspertlar doirasidan iborat hamkorlarni birlashtirdi.

    Forum bolalarda uchraydigan saraton kasalliklariga qarshi dori vositalaridan foydalanish bilan bogʻliq ehtiyojlarni qondirish uchun ilgʻor tajriba va strategiyalar almashinuviga yordam berdi. Bu ishtirokchilarga platforma jarayonlarini, uning tajriba bosqichida va undan keyingi davrda amalga oshirilishini optimallashtirish uchun birgalikda ishlab chiqish imkonini beradi.

    Bugungi kunga kelib, platformada ushbu bosqichda taqdim etiladigan dori vositalarining toʻliq roʻyxati belgilandi. Dunyoning olti davlati, jumladan, Oʻzbekiston birinchi bosqichda bolalar saratoniga qarshi asosiy dori vositalarini oladi. Ushbu dori-darmonlar topshirilishi platformaning 2023-yil sentyabr oyida (shartli ravishda) rasmiy ishga tushirilishiga toʻgʻri keladi.

    Oʻzbekiston bolalar saratoni boʻyicha global tashabbus boʻyicha birgalikda ish olib borish va Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bilan yaqin hamkorlikda, shuningdek, mamlakat siyosiy rahbariyati tomonidan bolalar saratoniga qarshi kurashga eʼtibor qaratilishida muvaffaqiyatlarini namoyish etgan dastlabki olti davlatdan biri sifatida tanlangan.