“Oʻzbekiston. Yangilanayotgan tarix” filmi suratga olinadi

    “Oʻzbekkino” Milliy agentligi Rossiyaning “Masterskaya” kinokompaniyasi bilan hamkorlikda “Oʻzbekiston. Yangilanayotgan tarix” hujjatli filmi ustida ishlamoqda.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2020-yil 20-noyabr kuni “Oʻzbekfilm” kinostudiyasiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari ijrosi yuzasidan suratga olinayotgan ushbu film Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlanadi. Unda yurtimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar haqida hikoya qilinadi.

    Film ijodkorlari joriy yilning fevral oyida tasvirga olish ishlari bilan Toshkent shahriga tashrif buyurishdi.

    Shu oʻrinda taʼkidlab oʻtish joizki, “Masterskaya” kinokompaniyasi Rossiyaning eng yirik hujjatli filmlar ishlab chiqaruvchi tashkiloti hisoblanadi. Kinokompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan filmlar “ORT” hamda “Rossiya” telekanallari orqali namoyish etib boriladi.

    “Oʻzbekkino” Milliy agentligi Axborot xizmati