Oʻzbekiston-Yaponiya munosabatlarining hozirgi holati va uning istiqbollari koʻrib chiqildi

    Xalqaro hamkorlik 6 Yanvar 2023 2145

    Oliy Majlis Senati raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev kecha Yaponiya elchisi Takashi Xatori bilan uchrashdi.

    Parlament yuqori palatasi maʼlumotiga koʻra, uchrashuvda Oʻzbekiston — Yaponiya munosabatlarining hozirgi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, ikki tomonlama parlamentlararo hamkorlikning yoʻnalishlari muhokama etildi.

    Xususan, parlamentlararo hamkorlik mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishi ekani taʼkidlandi. Shu nuqtayi nazardan, ikki tomonlama aloqalar va oʻzaro hamkorlikni faollashtirish, koʻp qirrali sheriklikni rivojlantirishda parlamentlarning imkoniyatlaridan keng va samarali foydalanish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

    Bunda parlamentlar oʻrtasidagi doʻstlik guruhlari faoliyatini yanada takomillashtirish, oʻzaro tashriflarni amalga oshirish lozimligi qayd etildi.

    Shuningdek, suhbat chogʻida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari va yirik kompaniyalari oʻrtasida amalga oshirilayotgan sarmoyaviy loyihalarni yanada rivojlantirish maqsadida aniq dasturlarni ishlab chiqib, amaliyotga tatbiq etishga kelishib olindi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.