Oʻzbekiston-Yaponiya universitetlari rektorlarining toʻrtinchi forumi oʻtkazildi

    Ta'lim 6 Oktabr 2022 1426

    Yaponiyaning Sukuba universitetida Oʻzbekiston va Yaponiya universitetlari rektorlarining toʻrtinchi forumi oʻtkazildi.

    Forumda Yaponiyaning 25 ga yaqin universitet va institutlari rektorlari ishtirok etdi. Oʻzbekiston tomonidan esa 16 ta oliy taʼlim muassasalari rahbarlari, Yaponiya OTMlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri samarali hamkorlik qilayotgan professor-oʻqituvchilar qatnashdi.

    Oʻzbekiston delegatsiyasiga Oliy Majlisi Senati raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev boshchilik qildi.

    Dastlabki kun tartibiga koʻra, Oʻzbekiston va Yaponiya OTMlararo B2B shaklidagi muloqot, yuzma-yuz muzokaralar oʻtkazildi.

    Natijada Oʻzbekiston va Yaponiya universitetlari oʻrtasida 4 ta Anglashuv memorandumlari imzolandi, akademik almashuv, talabalar va professor-oʻqituvchilarni qisqa va uzoq muddatli stajirovkaga yuborish, respublika oliy taʼlim muassasalariga taʼlimning turli yoʻnalishlari boʻyicha Yaponiya professor-oʻqituvchilari maʼruza oʻqishi, seminarlar va mahorat darslarini oʻtkazishi, hamkorlikda ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish singari yoʻnalishlarda oʻzaro aloqalarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

    Toʻrtinchi forum doirasida, shuningdek, Sukuba shahrida “Oʻzbekiston va Yaponiya madaniyat forumi va haftaligi-2022” tadbiri tashkil etildi.

    Tadbirning ochilish qismida Sukuba shahri hokimi Igarashi Tatsuo, Yaponiyaning SSkuba universiteti Nagata Kyosuke, Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari Sodiq Safoyev, mamlakatimiz elchisi Muhsinxoʻja Abdurahmonov ishtirokchilarni qutladilar.

    Forum doirasida yurtimiz tarixi, madaniyati va urf-odatlarini ifoda etuvchi axborot banerlari, milliy kiyimlarimiz, tarixiy obidalar suratlari, milliy hunarmandchilik buyumlari, jumladan, kulolchilik, zargarlik, zardoʻzlik va oʻymakorlik buyumlarining namoyishlari tashkil etildi.

    Bundan tashqari, Sukuba shahrida joylashgan “Nova Hall” anjumanlar saroyida Oʻzbekiston madaniyatiga bagʻishlangan alohida tadbir tashkil qilindi. Unda Yaponiyaning Sukuba hamda Tokio qishloq xoʻjaligi va texnologiya universitetilari vakillari “Oʻzbekiston tarixi va madaniyati” hamda “Oʻzbekistonda Ipak yoʻli sanoatini jonlantirish: Fargʻona vodiysida ipakchilikni yaxshilash orqali qishloqda daromad olish modelini ishlab chiqish” mavzularida maʼruza qildilar, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    “Oʻzbekiston va Yaponiya madaniyat forumi va haftaligi-2022” yopilishi marosimida yaponiyalik ijodkorlar tomonidan Oʻzbekiston milliy musiqa asboblari ijrosidagi musiqiy chiqish va “Guliston” raqs ansambli tomonidan oʻzbek milliy raqslaridan tuzilgan dastur taqdim etildi, shuningdek, rejissyor Yolqin Toʻychiyevning “Faridaning ikki ming qoʻshigʻi” filmi namoyish etildi.