O'zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasiga yangi rahbar saylandi

    Sport 6 Iyul 2020 2335

    Bugun, 6 iyul` kuni O'zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferentsiyasi bo'lib o'tdi. Konferentsiya videoselektor shaklida o'tkazildi.

    Videoselektorda dastlab hukumatimiz tomonidan mamlakatimizda yilqichilik va ot sportini yanada rivojlantirish bo'yicha qabul qilingan qarorlar ijrosini ta'minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.

    SHundan so'ng, videoselektor kun tartibidagi asosiy masala - O'zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasiga yangi rais saylash ko'rib chiqildi. Federatsiya raisligiga O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari O'ktam Barnoev nomzodi tavsiya qilindi va konferentsiya ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan ma'qullandi. SHuningdek, konferentsiyada federatsiya rahbariyati hamda 13 kishidan iborat Ijroiya qo'mitasi a'zolari tarkibi ham saylandi. Unga ko'ra, rais o'rinbosarlari sifatida Feruz Abdullaev, Bahrom Norqobilov, Avaz Ismoilov va Kamol Xudoyberdiev nomzodlari ma'qullandi. SHu bilan birga Kamol Xudoyberdiev federatsiya bosh kotibi lavozimiga ham tasdiqlandi.

    Videoselektor davomida yilqichilik va ot sporti federatsiyasining keyingi faoliyati bo'yicha takliflar bildirildi. Unga ko'ra hududlarda ushbu sport turini yanada rivojlantirish bo'yicha markazlar tashkil etish, sport inventarlari holatini o'rganish va yangilash borasida kelishib olindi.

    SHundan so'ng federatsiya hududiy bo'limlarining ortda qolgan davr mobaynida amalga oshirgan ishlari va kelgusi rejalari bo'yicha hisobotlari tinglandi.

    Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
    Matbuot xizmati