Joriy yilning 17-22-avgust kunlari Germaniya poytaxti Berlin shahrining taniqli “Konzerthaus Berlin” musiqa saroyida ““Young Euro Classic” nomli xalqaro mumtoz musiqa festivali haftaligi bo'lib o'tdi.
Mumtoz musiqa san'ati orasida ushbu festivalning maqomi juda yuqori bo'lib, unda AQSH, Kuba, Gretsiya, Niderlandiya, Gruziya, Fransiya, Estoniya, Ruminiya, Ukraina va boshqa mamlakatlardan kelgan yoshlar orkestrlari ishtirok etadi.
Vatanimiz tarixida ilk bor ushbu nufuzli xalqaro madaniy tadbirda O'zbekiston Yoshlar simfonik orkestri ham muvaffaqiyatli qatnashdi.
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Kamoliddin O'rinboyev boshchiligidagi yoshlar simfonik orkestri jamoasi Mustafo Bafoev, Frederik Shopen, Sergey Raxmaninov, Ivan Fisher, Amer Jafar kabi kompozitorlarning taniqli asarlarini mohirona ijro etib, musiqa shinavandalari olqishlariga sazovor bo'ldi.
O'zbekiston orkestr jamoasining, ayniqsa mashhur o'zbek pianinochisi eleonora Kotlibulatovaning ijrolari jahon musiqa olami vakillarining haqli e'tiroflariga sazovor bo'ldi.
O'zbekistonlik yosh iqtidorli san'at ustalarining ushbu nufuzli xalqaro musiqiy festivaldagi ishtiroki mamlakatimiz san'ati dovrug'ini dunyoga tanitishda o'z hissasini qo'shdi.
O'zbekistonlik yosh mumtoz musiqa san'ati ustalari ijro etgan madaniy dastur tomoshabinlar tomonidan gulduros qarsaklar bilan munosib olqishlandi.
Mamlakatimiz yoshlar simfonik orkestrining kontserti “Deutschlandfunk” radiokompaniyasi tomonidan yozib olindi va 24 avgust kuni Germaniya bo'ylab efirga uzatiladi.