Tadbirda O‘zbekistonning investitsiya va eksport salohiyati hamda zargarlik sanoati taraqqiyoti yuzasidan taqdimot uyushtirildi.
O‘zbekiston vakillari Osiyo, Yaqin Sharq va Afrika davlatlarida oltin sanoati rivojlanishi tendensiyasiga bag‘ishlangan muhokamalarda ishtirok etib, xorij tomoniga mamlakatimizda ushbu sohada olib borilayotgan islohotlar haqida batafsil maʼlumot berdilar.
Bundan tashqari, “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi vakillari «IBMC International», «TVT consulting» va «Stuart and Hamlyn» kompaniyalari bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazishdi. Unda jahon oltin bozorining holati va hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi safar davomida, shuningdek, Dubaydagi «Siroya jewellers» kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi. Kompaniya rahbari R.Jain bilan hamkorlik masalalari, jumladan, O‘zbekistonga investitsiya kiritish, zargarlik mahsulotlarini ishlab chiqishda soliqlar va bojxona tizimi imkoniyatlari muhokama qilindi.
Bo‘lib o‘tgan suhbat intihosida O‘zbekiston bozorini o‘rganish va investitsiya kiritish imkoniyatlarini tahlil qilish uchun 2023 yilda «Siroya jewellers» kompaniyasi delegatsiyasining mamlakatimizga amaliy safarini uyushtirishga kelishib olindi.