Farmonga muvofiq 2021 yil 1 yanvardan:
2022 yil 1 yanvargacha umumiy ovqatlanish sohasidagi kichik tadbirkorlik sub'ektlarining bank kartalari va kontaktsiz to'lovlardan foydalangan holda jismoniy shaxslardan olingan daromadlar belgilangan soliqlarni to'lashga majburiy tartibda o'tish maqsadida umumiy daromadga kiritilmasligi tartibi joriy etiladi;
Rieltorlik faoliyati bilan shug'ullanuvchi shaxslar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 25 foizdan 13 foizgacha pasaytiriladi;
Qurilish korxonalariga mehnatga haq to'lash fondi jami miqdorining 10 foizidan oshmagan hajmda (ijtimoiy soliq summasini hisobga olmaganda) ish haqini naqd pulda to'lash huquqi bilan shartnoma tuzmasdan ishchilar yollashga ruxsat beriladi.
Qayd etilishicha, farmon bilan yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo'yicha maxsus komissiya va hududiy komissiyalar tashkil etildi. Soliq rejimini soddalashtirish hamda naqdsiz to'lovlarni kengaytirish choralarini ko'rish komissiyaning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
Ma'lum qilinishicha, 2020 yilda respublikaning barcha hududlarida onlayn kassa mashinalarining cheklarida aks ettirilgan QR-kod yoki fiskal belgi asosida sovrinli o'yinlarni o'tkazish amalga oshiriladi. Shuningdek, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi tarkibida yashirin iqtisodiyotni tahlil qilish boshqarmasi, Davlat soliq qo'mitasi tarkibida Soliq nazorati departamenti tashkil etildi.
Ta'kidlanishicha, 2020 yil 1 noyabrdan davlat soliq xizmati organlari boshqaruv xodimlari soni 10 foizga qisqartiriladi. Bundan tashqari, davlat soliq xizmati va bojxona xizmati organlarining mansabdor shaxslari nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tekshiruvlarni o'tkazish uchun haftasiga 16 ish soatidan ko'p bo'lmagan muddatga jalb qilinishi mumkin. Bunda ular faqat soliq, bojxona va valyuta qonunchiligiga rioya qilishga doir tekshiruvlarni o'tkazish uchun jalb qilinadi.