Quyida ushbu sanadan kuchga kiradigan asosiy oʻzgarishlarni taqdim etildi.
Hokimliklarga yangi vakolatlar berildi
Tuman (shahar)lar hokimliklariga quyidagi yoʻnalishlarda maʼmuriy vakolatlar berildi:
- davlat boshqaruvi organlari va tadbirkorlar oʻrtasida “doimiy aloqa” tizimini yaratish maqsadida tuman (shahar)larda Tadbirkorlar jamoatchilik kengashini tuzish;
- 2025-yil 1-yanvardan belgilangan vazirlik va idoralarning tuman (shahar) boʻlimlari rahbarlarini masʼul vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalari bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish, shuningdek, tegishli masʼullarga ragʻbatlantirish yoki intizomiy javobgarlikka tortish choralarini koʻrish;
- 2025-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvargacha belgilangan roʻyxat boʻyicha tuman (shahar)larda huquqiy eksperiment tariqasida tuman (shahar) hokimligi faoliyatini “Aholi va tadbirkorlar manfaatlariga xizmat qilish” yangicha yondashuvi asosida tashkil etish.
Toshkentda avtobus va metroda naqd pul shakldagi yoʻlkira narxi oshdi
Poytaxt jamoat transporti yoʻnalishlarida (avtobus va metropoliten) bir yoʻlovchi qatnovi uchun cheklangan tarif – 3 000 soʻm etib belgilandi. Bunda toʻlov elektron toʻlov tizimi (transport yoki bank kartasi) orqali amalga oshirilganda hozirgidek oʻzgarishsiz qoladi — 1 700 soʻm. Barcha avtobuslar salonida yoʻlkira haqini naqd pulda olish amaliyotidan voz kechiladi. Naqd pul orqali avtobuslarda harakatlanish uchun Toshkent shahridagi bekatlarda va ular yaqinida oʻrnatilgan barcha toʻlov qurilmalari yaʼni, Paynet, MultiPay va Oson infokioskalari orqali bir martalik QR-kodli chipta xarid qilish kerak boʻladi.
Davlat madaniyat muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi oshiriladi
“Madaniyat va sanʼat, axborot-kutubxona va muzeylar sohasida faoliyat olib borayotgan xodimlar ish haqi miqdorlarini oshirish toʻgʻrisida”gi prezident qaroriga koʻra, davlat madaniyat muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi 2025-yil 1-yanvardan boshlab 20 foizga oshiriladi.
Ayrim pedagoglarga qoʻshimcha ustama toʻlanadi
2025-yil 1-yanvardan boshlab Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida ona tili va adabiyot hamda tarix fanlari boʻyicha Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining milliy baholash tizimida olingan tegishli darajadagi sertifikatga ega boʻlgan va ushbu fanlardan dars beruvchi pedagog kadrlarga ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida har oylik qoʻshimcha ustama toʻlanadi.
Kambagʻal oilalar farzandlari davlat bogʻchalariga imtiyozli asosda qabul qilinadi
“Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish doirasida kambagʻal oilalar farzandlari davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga imtiyozli asosda qabul qilinadi.
Chiqindidan qarzdorlik boʻyicha ogohlantirilgandan keyin toʻlov qilmaganlarning elektr uchun toʻlovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash amaliyoti uchinchi bosqichi kuchga kirdi
Prezident farmoni bilan bu amaliyotni uch boqichda joriy etish belgilangandi:
1-bosqichda Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida 2024-yil 1-iyundan 6 oylik qarzdorlik uchun;
2-bosqichda – respublikaning barcha hududlarida 2024-yil 1-noyabrdan 3 oylik qarzdorlik uchun;
3-bosqichda respublikaning barcha hududlarida 2025-yil 1-yanvardan 1 oylik qarzdorlik uchun.
“2025-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonun kuchga kirdi
Qonun 2025-yil uchun Oʻzbekistonning konsolidatsiyalashgan byudjetini shakllantirish va ijro etish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soladi. Unda xarajatlarning ijtimoiy yoʻnaltirilganligi saqlab qolingan.
QQS va foyda soligʻi stavkalari oshirilmaydi
“Tadbirkorlar uchun teng sharoitlar va adolatli raqobat muhitini taʼminlash boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi prezident farmoniga koʻra, 2028-yilga qadar qoʻshilgan qiymat soligʻi va foyda soligʻi stavkalari oshirilmasligi belgilandi.
Shuningdek, 2025-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvarga qadar tikuv-trikotaj, poyabzal va charm-attorlik sanoati yoʻnalishlarida ishlab chiqarish faoliyatini yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari uchun foyda soligʻi va oʻzlarining xodimlari uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi stavkalari 1 foiz etib belgilandi.
Ayrim yer uchastkalari boʻyicha soliq stavkasi 50 foizga kamaytiriladi
Yangi barpo etilayotgan bogʻlar, tokzorlar va tutzorlar egallagan yerlar uchun yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini toʻlashdan ozod qilish tarzidagi imtiyozni bekor qilgan holda, mazkur yer uchastkalari boʻyicha soliq stavkasi 50 foizga kamaytiriladi.
Yoʻlovchilarni yagona tariflar boʻyicha tashish xizmatlarini koʻrsatish aylanmasi hamda nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalari yagona ishtirokchisi hisoblangan yuridik shaxslar tomonidan realizatsiya qilinadigan tovarlar va xizmatlar uchun QQS boʻyicha imtiyozlar bekor qilinadi.
Umumiy ovqatlanish korxonalariga foyda soligʻi stavkasi 50 foizga kamaytirildi
2028-yil 1-yanvargacha umumiy ovqatlanish korxonalariga foyda soligʻi stavkasi 50 foizga kamaytiriladi. Shuningdek, umumiy ovqatlanish xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlarga 2028-yil 1-yanvargacha har oyning 25 sanasiga qadar toʻlangan QQSning bir qismini quyidagi miqdorlarda respublika byudjetidan qaytarish tizimi joriy etiladi:
Oylik tovar aylanmasining naqd pulsiz qismi:
- 60 foizdan oshgan umumiy ovqatlanish korxonalariga – byudjetga toʻlangan QQSning 40 foizi;
- 60 foizdan kam umumiy ovqatlanish korxonalariga – byudjetga toʻlangan QQSning 20 foizi;
- turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlarga – byudjetga toʻlangan QQSning 20 foizi.
Tadbirkorlar uchun ayrim maʼmuriy javobgarliklar bekor qilindi
2025-yil 1-yanvardan quyidagilar uchun maʼmuriy javobgarlik bekor qilindi:
- fiskal belgilarni aks ettirish tartibini buzish;
- majburiy raqamli markirovkalanishi belgilangan tovarlarni (mahsulotlarni) identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish;
- xodimlar sonini yashirish.
Jismoniy shaxs tomonidan tadbirkorlik faoliyatini yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtmasdan amalga oshirganlik uchun moliyaviy jarima bekor qilindi.
Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oilaning aʼzosi ishga joylashganda ijtimoiy soliq 1 foiz stavkada toʻlanadi
Kam taʼminlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam olayotgan oilalarning rasmiy band boʻlmagan aʼzolari ishga joylashganda, oʻzini oʻzi band qilganda yoki tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyganda ushbu nafaqa va moddiy yordamni ularning muddati tugagunga qadar, biroq 6 oydan koʻp boʻlmagan muddatga toʻlash davom ettiriladi.
Mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 1,5 baravaridan kam boʻlmagan oylik ish haqi toʻlangan holda ishga joylashgan Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oila aʼzosi uchun ijtimoiy soliq uch yil davomida 1 foiz stavkada toʻlanadi.
Kambagʻal oilalarga koʻmak choralari ijtimoiy shartnoma asosida mehnatga layoqatli oila aʼzolarining bandligini taʼminlash, oʻz tomorqasidan samarali foydalanish (ekin ekish), oila aʼzolari, shu jumladan, farzandlarining bilim olishi, kasb-hunar va xorijiy tillarni oʻrganishi hamda sogʻligʻini nazoratga olishi, uy-joyini ozoda tutishi kabi shartlar inobatga olingan holda koʻrsatiladi.
Meva-sabzavot yetishtiruvchilarni baholash tizimi joriy etiladi
Iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosilli bogʻ va tokzorlarni yaroqsiz deb topish, ular oʻrnida intensiv bogʻ va tokzor barpo etish yoki haydaladigan yerlar toifasiga oʻtkazish toʻgʻrisida xulosani qabul qiluvchi tuman (shahar) komissiyasi tomonidan iqtisodiy jihatdan samarasiz va kam hosilli bogʻ va tokzorlar deb xulosa berilgan sanadan boshlab 12 oy davomida yangi bogʻ yoki tokzorlar barpo etilmagan taqdirda ushbu bogʻ va tokzorlar joylashgan maydonlar uchun yer soligʻi 3 baravarga oshiriladi.
Tashabbuskorlar yangi bogʻlarni barpo etishda oʻz ehtiyojlari uchun xorijiy davlatlardan belgilangan roʻyxatdagi payvandtagli mevali koʻchatlar va payvandtaglar, payvandustlari, onalik materiallari va texnikalarni import qilishda qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona bojlaridan ozod etiladi.
Bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat etildi
Internet tarmogʻida tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni tashkil etish faoliyatini va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat etildi. Lotereya, internet tarmogʻida oʻyinlar va bukmekerlikni tashkil etish faoliyatlari qonunchilikka muvofiq Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan beriladigan litsenziyalar asosida amalga oshiradi.
Shuningdek, 5-yil muddatga lotereya hamda internet tarmogʻida oʻyinlarni tashkil etish faoliyatini va bukmekerlik faoliyatini soliqqa tortishning quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibi belgilandi:
- lotereya, internet tarmogʻida oʻyinlarni tashkil etish faoliyatini yoki bukmekerlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik shaxslar lotereya, internet tarmogʻida oʻyinlarni tashkil etish faoliyatidan yoki bukmekerlik faoliyatidan olingan jami daromadidan toʻlangan yutuqlar va qaytarilgan stavkalar chegirilgan holda 4 foiz stavkasida aylanmadan olinadigan soliq toʻlovchilari hisoblanadi;
- jismoniy shaxslarning litsenziyalar asosida oʻtkaziladigan lotereyalar hamda internet tarmogʻidagi oʻyinlardan va bukmekerlik garovidan olingan yutuqlar sifatidagi daromadlari daromad soligʻi toʻlashdan ozod etiladi.
Sirk tomoshalarida yovvoyi hayvonlardan foydalanish taqiqlandi
Vazirlar Mahkamasining “Yovvoyi hayvonlarni saqlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan jismoniy shaxslar tomonidan yarim erkin sharoitlarda, sunʼiy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlar roʻyxati ham tasdiqlangan. Roʻyxatga, xususan, yoʻlbars, sher, gepard, yaguar va ularning barcha kenja turlari, gorilla, shimpanze, yirik boʻgʻma ilonlar oilasiga mansub barcha turlar, otlarning barcha turlari (xonaki otlar bundan mustasno) kiritildi.
Uy qamogʻidagi shaxslar uchun elektron braslet joriy etiladi
2025-yil 1-yanvardan boshlab uy qamogʻi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan hamda ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan shaxslarning ehtiyot chorasi va jazoni ijro etish joyida boʻlishini real vaqt rejimida masofadan turib nazorat qilish tartibi amaliyotga bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Milliy vaqt shkalasi joriy etiladi
Oʻzbekiston milliy vaqt shkalasi (UTC UZ) joriy etiladi. Undan Oʻzbekistonning aniq vaqti sifatida foydalaniladi