Bu haqda Chiqindilarni boshqarish agentligi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, mamlakatimizda 15-oktyabrdan 15-noyabrgacha “Tozalik va ozodalik oyligi” eʼlon qilingan boʻlib, uning doirasida barcha hududlarda obodonlashtirish va sanitariya ishlari amalga oshirilmoqda.
Jumladan, oylikning dastlabki 15 kuni davomida 19 mingdan ziyod sanitariya va obodonlashtirish sohasi xodimlari ishtirokida 32 099 ta mahalla fuqarolar yigʻini hamda 16 887 ta jamoat joyida tozalik ishlari bajarildi.
Bu jarayonda 28 937 ta maxsus chiqindi tashuvchi va yuklovchi texnika faoliyat yuritdi. Natijada respublika hududi boʻylab jami 243 278 tonna chiqindi yigʻishtirilib, chiqindi tashlash tizimi yanada samarali tashkil etildi.
Shu bilan birga, belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash holatlarining oldini olish maqsadida Prokuratura, IIB, Milliy gvardiya va Ekologik davlat nazorati inspeksiyasi xodimlari ishtirokida nazorat tadbirlari oʻtkazildi. Ularning davomida 36 788 ta qonunbuzarlik holati aniqlanib, tegishli choralar koʻrildi.
Tozalik tadbirlarida davlat tashkilotlari va idoralarining 22 500 nafar xodimlari hamda 10 dan ortiq hamkor tashkilotlar vakillari ham faol qatnashdi.
Eslatib oʻtamiz, “Tozalik va ozodalik oyligi” doirasidagi ishlar yil yakunigacha izchil davom etadi. Tashkilotchilar har bir fuqaroni mamlakat obodligi yoʻlida tozalik tadbirlarida faol ishtirok etishga chaqirmoqda.








