O'zbekistonda 2020 yilda yetishtirilgan paxta xomashyosining minimal narxlari belgilandi

    Sanoat 23 Oktabr 2020 4219

    O'zbekistonda 2020 yilda etishtirilgan paxta xomashyosining minimal narxlari belgilandi, deb xabar beradi Qishloq xo'jaligi vazirligi xabar berdi.

    O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 martdagi PQ–4633-son «Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qaroriga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi, O'zbekiston fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa er egalari kengashi va «O'zto'qimachiliksanoat» uyushmasiga jahon bozori narxlari tahlilidan kelib chiqib, paxta xomashyosining minimal narxlarini e'lon qilib borish vazifasi yuklatilgan.

    O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 5 maydagi PF-5989-son «To'qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini qo'llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo'lmaydigan chora-tadbirlar to'g'risida»gi Farmoniga muvofiq mahalliy ishlab chiqarilgan bazaviy sifatdagi paxta tolasining boshlang'ich narxi Nyu-York tovar birjasining eng yaqin etkazib berish oyi uchun f`yuchers kotirovkasi qiymatidan kelib chiqqan holda belgilanishi qayd etilgan.

    Joriy yilning 23 oktyabr holatiga Nyu-York tovar birjasi yanvar-oktyabr oylarida 1 tonna paxta tolasining (Strict Low Middling) o'rtacha f`yuchers kotirovkalari AQSHning (Galveston, Xyuston, (Texas shtati), Memfis (Tennesi shtati), Yangi Orlean (Luiziana shtati)) portlariga etkazib berish sharti bilan 1375,7 AQSh dollarini tashkil etdi.

    Jahon bozorida shakllangan narxlar, paxta-to'qimachilik klasterlari, kooperatsiyalar va fermer xo'jaliklarining, yuqorida qayd etilgan qarorga muvofiq mas'ul etib belgilangan vazirlik va idoralarning takliflarini, shuningdek, paxta xomashyosini qayta ishlash, logistika va boshqa taalluqli xarajatlarni inobatga olgan holda O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligi O'zbekistonda etishtirilgan to'rtinchi tip ikkinchi nav birinchi sinf 1 tonna paxta xomashyosining minimal narxi qo'shilgan qiymat solig'i bilan birga 4522,5 ming so'mni tashkil etganligini e'lon qiladi.

    Ushbu minimal narxdan kelib chiqqan holda, paxta xomashyosini etishtiruvchi va uni qabul qiluvchi sub'ektlar shartnomaviy munosabatlar doirasida boshqa yuqori yoki past navli va sinfli paxta xomashyosining narxlarini o'zaro manfaatli kelishuv asosida mustaqil ravishda belgilashadi.