Oʻzbekistonda 5 oyda 65 nafar oʻquvchi YTH oqibatida halok boʻldi

    2024-yilning 5 oyi davomida yoʻl-transport hodisalari oqibatida 65 nafar oʻquvchi halok boʻldi. Bu haqda 25-iyun kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi majlisida maʼlum qilindi.

    Majlisda taʼkidlanishicha, shu yilning 5 oyi davomida mamlakatimizdagi umumiy yoʻl-transport hodisalari sonini 7,2 foizga, tan jarohati bilan bogʻliq holatlarni 8,7 foizga kamaytirishga erishilgan.

    Shu bilan birga, qayd etilgan yoʻnalishda muayyan kamchiliklar, oʻz yechimini kutayotgan muammolar va toʻliq foydalanilmagan imkoniyatlar ham mavjudligi taʼkidlandi.

    Hodisalarning kelib chiqish sabablari tahlil qilinganda maʼlum boʻldiki, ularning 57 foizi yoʻl infratuzilmasidagi kamchiliklar hamda 43 foizi haydovchi tomonidan yoʻl harakati qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida sodir etilgan.

    Sodir boʻlayotgan yoʻl-transport hodisalarining 53,7 foizi piyoda va velosipedchilar bilan bogʻliq holatlar hissasiga toʻgʻri kelmoqda.

    Bundan tashqari, umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 9 548 tasi transport qatnovi koʻp hududlarda joylashgan va aksariyat maktablar oldida piyodalar uchun yoʻlaklar mavjud emas, tegishli svetoforlar oʻrnatilmagan.

    Oqibatda joriy yilning 5 oyi davomida jami 359 nafar oʻquvchi bilan bogʻliq yoʻl-transport hodisasi sodir etilgan va 65 nafar oʻquvchi halok boʻlgan, 294 nafar oʻquvchi esa turli darajada tan jarohatlari olgan.

    2024-yil 1-yanvar holatiga respublikadagi jami 209,3 ming km avtomobil yoʻllarining 56,1 ming km qismi yoki 27 foizi taʼmirtalab holatda.

    2023-yil va 2024-yilning 5 oy davomida Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining masʼul xodimlari tomonidan yoʻl infratuzilmasi bilan bogʻliq qariyb 11 ming kamchiliklar aniqlangan boʻlib, ularni bartaraf etish yuzasidan avtomobil yoʻllari egalariga jami 5, 5 mingta yozma koʻrsatma va taqdimnomalar kiritilgan.

    Mutasaddilar tomonidan taqdim etilgan axborotlarda qayd etilganidek, avtomobil yoʻllarida yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlash yuzasidan taʼsirchan nazorat toʻliq va samarali oʻrnatilmaganligi sababli 2023-yilda jami 16 milliondan ortiq qoidabuzarlik qayd etilgan.

    Sodir etilgan 9 839 ta yoʻl-transport hodisasi oqibatida 9 209 nafar fuqaro jarohatlangan va 2 282 nafar fuqaro halok boʻlgan.

    Eng achinarlisi, 2023-yilda bolalar bilan bogʻliq 1 794 ta yoʻl-transport hodisasi sodir etilib, ularda 1 568 nafar bola jarohatlangan va 263 nafar bola halok boʻlgan.

    Joriy yilning 5 oyida esa mamlakat boʻyicha sodir boʻlgan umumiy yoʻl-transport hodisalarining soni har 100 ming aholiga 7,2 tani tashkil etgan bir paytda ushbu salbiy koʻrsatkich Toshkent shahrida 12,8 tani, Toshkent viloyatida 12,2 taga, Namangan viloyatida 9,1 taga va Fargʻona viloyatida 8,4 taga yetgan.

    Oʻlim bilan bogʻliq yoʻl-transport hodisalarining salmogʻi Samarqand, Toshkent (80 tadan), Fargʻona (69 ta), Qashqadaryo va Surxondaryo (53 tadan) viloyatlarida hamon yuqoriligicha qolmoqda.

    Muhokamadan soʻng Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining ushbu kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan aniq takliflari aks etgan qarori qabul qilindi.