Oʻzbekistonda 7 millionga yaqin “Aqlli” hisoblagich oʻrnatildi, ular 25 yilgacha xizmat qiladi

    Ijtimoiy hayot 27 May 2021 903

    Bu haqda AOKAda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ mutasaddilari ishtirokida oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi:

    «Bugungi kun holatiga respublika boʻyicha jami 6 million 900 mingdan ortiq hisoblagich oʻrnatib boʻlindi. Rejaga asosan, jami 7 million 400 mingtaga yaqin hisoblagich almashtirilishi kerakligi hisobga olinsa, bu — qariyb 93 foiz isteʼmolchining hisoblagichlari tizimga mos hisoblagichlarga almashtirib boʻlindi, degani.

    Hozirgacha ushbu oʻrnatilgan hisoblagichlarning qariyb 5 millionga yaqini billing tizimiga ulangan, tizimga ulangan ushbu isteʼmolchilar bilan hisob-kitoblar avtomatik ravishda amalga oshirilmoqda va hisoblagichlar boʻyicha maʼlumot olish va nazorat qilish imkoniyati mavjud.
    ASKUE tizimini joriy etishdan asosiy maqsad — isteʼmolchi va taʼminotchi oʻrtasidagi shaffoflikni taʼminlash, yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitoblarga aniqlik kiritish, isteʼmolchilarning foydalangan elektr energiyasi uchun toʻlov intizomini mustahkamlash.

    Avvalgi hisoblagichlarda sanoqli maʼlumotlar jamlangan boʻlsa, yangi tizimga ulangan hisoblagichlarda 40 ga yaqin maʼlumotni koʻrish imkoniyati mavjud boʻlib, egasiga taxminan 25 yilgacha xizmat qilishi koʻzda tutilgan “aqlli” hisoblagichlar mahalliy korxonalar tomonidan jahon standartlari asosida yurtimiz iqlim sharoiti, xususan, havoning eng issiq va eng sovuq darajasiga moslashtirilgan holda ishlab chiqarilmoqda».