Tadbir Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan, mamlakatimiz hududlarida “Yangi Oʻzbekiston-Inson qadri ulugʻlangan yurt!” shiori ostida oʻtkazilayotgan madaniy-maʼrifiy tadbirlar doirasida boʻlib oʻtdi. Tashkilotchilar – Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi va Samarqand viloyati hokimligi.
“Bahodir Yalantoʻsh – milliy qahramonimiz. Endi, uning sharofati bilan, butun dunyo Registon maydonining goʻzalligi va ulugʻvorligidan bahramand boʻladi. XV asrda Mirzo Ulugʻbek tomonidan qurdirilgan madrasa yonida, oradan ikki asr oʻtib, uning buyrugʻiga asosan ikkita – Sherdor va Tillakori madrasalari qad rostlagan. Afsuski, Bahodir Yalantoʻsh haqida kam maʼlumotga egamiz va Oʻzbekiston Prezidentining shaxsiy topshirigʻiga binoan yaratilayotgan film, meʼmoriy merosimiz qanday yaratilganini odamlarga, ayniqsa, yoshlarga soʻzlab berishga qaratilgan. Men Samarqand viloyati hokimligiga va shaxsan hokim Erkinjon Oqboʻtayevichga filmni tayyorlashda koʻrsatgan koʻmagi, tadbirlarimizni oʻtkazishda har tomonlama yordam bergani uchun oʻz minnatdorchiligimni bildirmoqchiman”, — deydi film rejissyori Jahongir Ahmedov.
Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov taʼkidlaganidek, Samarqand xorijlik kinoijodkorlarni jalb qilish markaziga aylanib ketayapti, shaharning kino olish makoni sifatidagi nufuzi jadallik bilan oshib bormoqda. Mana, aynan Samarqand qoʻshma filmlarni suratga olish joyiga aylandi. Tez orada bu yerda, oʻzbek-tojik kinoijodkorlarining hamkorlikdagi “Navoiy va Jomiy” filmini suratga olishlari ustida ishlar boshlanadi. Yaqin kunlarda, Samarqandda, ekshn janrida “Bu dunyoda menga joy yoʻq”deb nomlangan turk serialini suratga olish ishlari boshlanadi.
Aytish joizki, Samarqand viloyati hokimligi koʻmagida, soʻnggi bir necha yil ichida Samarqand shahrida va Samarqand haqida bir qancha filmlar suratga olingan edi. Bular: “Matonat”, “Samarqand qovunining hidi” hujjatli filmlaridir. “Matonat” hujjatli filmi, rejissyor Shuhrat Mahmudov tomonidan suratga olingan, 101 samarqandlik askarning jasorati va insoniyligi haqida hikoya qiluvchi filmdir. Film yaqinda Sevastopolda boʻlib oʻtgan 31-“Zolotoy vityaz” xalqaro kinoforumida “Gran-pri”ni qoʻlga kiritgan. Shuningdek, “Samarqand qovunining hidi” filmi ham, rejissyor Ali Hamroyev tomonidan suratga olingan.
Tadbir soʻngida, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimovga Oʻzbekiston Kinematografiya agentligining “Oʻzbekistonning kino sanʼati” kitobining sovgʻa nashri topshirildi.