Atigi 17 kun ichida xonadonlarning 82,3 foizi, yaʼni 30 milliondan ortiq fuqaro onlayn tarzda roʻyxatdan oʻtib, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi doirasida mutlaq rekordni qayd etdi.
Taqqoslash uchun, onlayn roʻyxatga olish koʻrsatkichi Qozogʻistonda 40 foizni, Belarus Respublikasida 22 foizni va Rossiyada 16 foizni tashkil etgan boʻlsa, yurtimizdagi qamrov aholining raqamli xizmatlarga boʻlgan yuksak ishonchini namoyon etdi. Jarayonning shaffofligini taʼminlash maqsadida maxsus axborot tizimi har bir shaxsning identifikatsiya raqami asosida ishlamoqda, bu esa takroriy yoki xato maʼlumotlarni avtomatik ravishda saralab olish imkonini beradi.
Endilikda, 4-fevraldan 28-fevralga qadar tadbirning ikkinchi bosqichi boʻlib oʻtadi. Bunda onlayn roʻyxatdan oʻtmagan yoki xatolikka yoʻl qoʻygan fuqarolarning xonadonlariga “mahalla yettiligi” vakillari tashrif buyurishadi.
55 ming nafardan ortiq maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan xodimlar planshetlar yordamida maʼlumotlarni bevosita platformaga kiritishadi.
Maʼlumotlar sifatini taʼminlash maqsadida 7,6 milliondan ortiq turar joyning GPS-koordinatalari aniqlashtirilgan boʻlib, bu roʻyxatga oluvchilarning ishini real vaqt rejimida nazorat qilish imkonini beradi.
Muhim jihati, fuqarolar taqdim etgan maʼlumotlar qonun bilan himoyalangan va faqat statistik maqsadlar uchun ishlatiladi. Shaxsiy maʼlumotlar soliq yoki boshqa nazorat organlariga taqdim etilmaydi. Toʻplangan maʼlumotlar kelgusida maktab, shifoxona va yoʻllar qurilishi kabi muhim davlat dasturlarini rejalashtirishda asosiy manba boʻlib xizmat qiladi. Roʻyxatga olishning dastlabki natijalari shu yilning 1-iyuliga qadar eʼlon qilinishi kutilmoqda.