Tadbirda Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi va “Bazelevs Animation” studiyasi vakillari tomonidan “Animation School” animatsiya markazlari tarmogʻi ochilishi haqida eʼlon qilindi.
“Bu kabi tajriba ilk marotaba Oʻzbekistonda joriy etilmoqda. Bu borada oʻtgan yil boʻlib oʻtgan “Ipak yoʻli durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivalida memorandum imzolangan edi. Keyinchalik bizga Tatariston, Qozogʻiston va Perm qoʻshiladi”, — dedi Bekmambetov.
Taʼkidlash joizki, animatsiya studiyalarini tashkil etish 2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili” Davlat dasturiga koʻra amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar qatoriga kiritilgan.
“Loyihadan koʻzlangan maqsad — qoʻgʻirchoq teatri aktyorlari va ijodiy oliy oʻquv yurtlarining tegishli fakultetlari bitiruvchilari uchun “taʼlim ol va daromadga ega boʻl” konsepsiyasiga asoslangan holda oʻzini-oʻzi taʼminlovchi animatsiya studiyalarining mintaqaviy tarmogʻini shakllantirishdan iborat. Misol uchun, Oʻzbekistonda loyihaga Butunrossiya davlat kinematografiya instituti (VGIK) Toshkent filiali talabalari jalb etiladi. Yigitlar animatorlik kasbini aniq loyiha — “Xoʻja Nasriddin” multfilmi asosida oʻrganishadi va uning barcha qahramonlarini yaratishadi. “Xoʻja Nasriddin” boʻlajak animatorlar uchun oʻziga xos tajriba maydoniga aylanadi. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi taniqli animatorlar va kinoijodkorlar rahbarligida olingan bilim va tajribani amaliyotda qoʻllash imkonini beradi”, — deya izoh berdi Bekmambetov.
Tajriba sifatida yaratilayotgan multfilm ustidagi ishlar 2023-yilgacha davom etishi rejalashtirilgan. Shundan soʻng, animatorlar “Bazelevs Animation» studiyasining boshqa loyihalarida ishlashni davom ettiradilar.