“Oʻzgidromet agentligi“ning xabar berishicha, maksimal havo harorati asosan 23-28 daraja atrofida, eng iliq kunlarda esa 30-32 daraja, shimolda, janubda va choʻl hududlarda 34-36 daraja boʻlishi kuzatildi.
18-20-aprel kunlari havo harorati meʼyordan 3-8 darajaga keskin pasaydi. Havoning salqin boʻlishi uzoq vaqt davom etmadi va uchinchi oʻn kunlik boshidan harorat yana koʻtarila boshladi. Eng iliq davrda (shimolda 26-27-aprel kunlari, respublikaning qolgan qismida 27-28-aprel kunlari) kunduz kunlari havo 35-37 darajagacha, janubda va choʻl hududlarda 38-39 darajagacha isidi.
Oʻzbekistonning koʻpchilik hududlarida meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun aprel oylarida maksimal harorat rekordi yoki rekord qiymatlariga yaqin boʻldi.
Aprel oyi juda quruq boʻldi.
Birinchi va ikkinchi oʻn kunliklarning ayrim kunlarida (oʻn kunlikda 2-3 kundan, togʻlarda 4-5 kundan) yomgʻir yogʻishi kuzatildi. Yomgʻir asosan bir oz va oʻrtacha jadallikda yogʻdi. Asosan ayrim togʻ oldi va togʻli hududlarda 2-3 kun davomida bir kecha-kunduzda miqdori 15 mm dan 27 mm gacha, Toshkent viloyatining togʻli hududlarida (Maydontol) 45 mm gacha boʻlgan kuchli yomgʻir yogʻishi kuzatildi.
Aprel oyining uchinchi oʻn kunligida respublika hududining katta qismida yogʻingarchiliksiz ob-havo kuzatildi. Respublikaning aksariyat hududlarida aprel oyida yogʻingarchilik miqdori meʼyorga nisbatan kam boʻldi. Faqat Fargʻona vodiysi viloyatlarida va Xorazm, Navoiy viloyatlarining ayrim joylarida bir oyda yogʻingarchilik meʼyor atrofida, baʼzi joylarda esa meʼyordan koʻp boʻlishi qayd etildi.